Amerikalik mulozim Xitoy uchun josuslik qilgani aniqlandi
Olam
−
12 may 4307 2 daqiqa
Amerika Qo‘shma Shtatlarining Janubiy Kaliforniya hududidagi Arkadiya shahri meri Eylin Vang Xitoy hukumati manfaatlari yo‘lida noqonuniy agent sifatida ishlaganini tan oldi va lavozimidan iste’fo berdi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
58 yoshli Vang joriy yilning aprel oyida “xorijiy hukumatning noqonuniy agenti sifatida faoliyat yuritish” aybi bilan javobgarlikka tortilgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u Xitoy amaldorlari topshiriqlarini bajargan, jumladan, Pekinni qo‘llab-quvvatlovchi maqolalarni tarqatgan. Shu bilan birga, qonunda talab qilinganidek bu haqda Amerika hukumatiga oldindan xabar bermagan.
Vang 2022 yil noyabrida besh kishilik shahar kengashiga saylangan. Mer lavozimi esa kengash a’zolari o‘rtasida navbat bilan berib kelinadi. Shahar menejeri Dominik Latssaretto bayonotida shahar byudjeti yoki xodimlari bu ishga aralashmaganini aytgan.
“Biz aniq qilib aytmoqchimiz, bu tergov shaxsiy xatti-harakatlarga tegishli. Ayblovlar Vang 2022 yil dekabrida lavozimga kirishganidan keyin to‘xtagan faoliyatga oid”, degan u.
Amerika federal amaldorlarining ma’lum qilishicha, Vang jinoyatni tan olgan. Bu ayb bo‘yicha unga 10 yilgacha federal qamoq jazosi tayinlanishi mumkin. Vangning advokatlari Jeyson Lyan va Brayan San bayonot berib, mijozi aybning jiddiyligini tushunishi va o‘tmishdagi shaxsiy xatolari uchun mas’uliyatni qabul qilishini bildirgan.
“U shaxsiy hayotida qilgan xatolari uchun uzr so‘raydi. Uning Arkadiya jamoasiga bo‘lgan muhabbati va sadoqati o‘zgarmagan”, degan advokatlar.
Tergov kelishuviga ko‘ra, Vang va uning hamkori Yaoning Mayk San 2020 yil oxiridan 2022 yilgacha Xitoy Xalq Respublikasi amaldorlari manfaatlari yo‘lida ishlagan. Ular Amerikada Xitoyni qo‘llab-quvvatlovchi targ‘ibotni yoyish bilan shug‘ullangan. Mayk San o‘tgan yil oktyabrda xuddi shu aybni tan olgan va to‘rt yillik qamoq jazosini olgan. U Vangning 2022 yilgi saylov kampaniyasida g‘aznachi sifatida ham qayd etilgan. Vang va San xitoylik amerikaliklar uchun mo‘ljallangan U.S. News Center axborot saytini boshqargan.
Tergovga ko‘ra, Xitoy amaldorlari ularga saytda Pekin tarafdorlari materiallarini joylashtirish bo‘yicha ko‘rsatma bergan. 2021 yil iyun oyida Xitoyning Los-Anjelesdagi bosh konsuli “Los Angeles Times” gazetasida chiqqan maqolaga havola yuborgan. Maqolada Sinszyanda (Shinjon) uyg‘urlarni ta’qib qilinishi, majburiy mehnat va zo‘ravonlik haqidagi xabarlar rad etilgan.
“Sinszyanda hech qachon genotsid bo‘lmagan va paxta dalalari yoki boshqa sohalarda majburiy mehnat yo‘q”, deyiladi maqolada.
Oybek Rustamov
Live
Barchasi