Andijonda imtihonsiz “prava” olib berishni va’da qilgan erkak ushlandi
3-sahifa
−
06 Oktabr 2025 2392 1 daqiqa
Andijon viloyatida yashovchi ayol bilan ijtimoiy tarmoq orqali tanishib, pul evaziga o‘quv mashg‘ulotlariga qatnashmasdan haydovchilik guvohnomasini olib berishni va’da qilgan erkak ushlandi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Bildirilishicha, muqaddam jinoiy javobgarlikka tortilgan, 1995 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan erkak Andijon viloyatining Andijon tumanida yashovchi, 1994 yilda tug‘ilgan ayol bilan ijtimoiy tarmoq orqali tanishib, unga Toshkent shahrida haydovchilik guvohnomasi uchun o‘tkaziladigan test sinovlari o‘tkaziladigan markazda ishlashini aytgan va yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali imtihonlarda qatnashmasdan turib, sertifikat va avtomobil boshqarish huquqini olib berishni va’da qilgan.
Buning evaziga erkak ayoldan 300 AQSH dollari, yana 3 nafar fuqarodan 600 AQSH dollaridan, jami 2100 AQSH dollari miqdoridagi pulni talab qilib, aytilgan miqdordagi summani olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatining Quvasoy shahrida o‘quv mashg‘ulotlariga qatnashmasdan haydovchilik guvohnomasini olib berishni va’da qilgan avtomaktab xodimi ushlangan edi.
Bunyod Keldiboyev