Andijonda qalbaki dori tayyorlovchi 3 ta yashirin laboratoriya aniqlandi (video)

Olam

image

Andijon viloyatida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida aholi salomatligiga jiddiy xavf tug‘diruvchi, sifati kafolatlanmagan dori vositalarining noqonuniy saqlanayotgani fosh qilindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, DXX Chegara qo‘shinlari va bojxona organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Andijon shahri hamda Asaka tumanida istiqomat qiluvchi 3 nafar fuqaro o‘z yashash xonadonlarida qalbaki va sifati kafolatlanmagan tibbiy dori vositalarini tayyorlash bilan shug‘ullangan.

Tekshiruvlar davomida ushbu manzillarda maxsus jihozlangan noqonuniy laboratoriyalar borligi ma’lum bo‘lgan va umumiy qiymati 1,1 mlrd so‘mlik, jami 122 turdagi, 60 ming donadan ortiq tibbiy dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur mahsulotlar Qirg‘iz Respublikasidan noqonuniy ravishda olib kirilgan bo‘lib, ularning bir qismi yarim tayyor, yana bir qismi esa qayta ishlangan holatda bo‘lgan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu dori vositalari inson salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.

Hozirda aniqlangan holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahar bojxona boshqarmasi tezkor xodimlari qiymati 1 milliard so‘mdan ortiq tibbiy jihozlarning noqonuniy olib kirilishiga chek qo‘ygandi.


Maqola muallifi

Teglar

qalbaki dori DXX Chegara qo'shinlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing