Andijonda “Shayton” va uning sheriklari ushlandi (video)

3-sahifa

image

Andijon viloyatida odamlarni qurol bilan qo‘rqitib, katta miqdorda pul undirgan “Shayton” laqabli shaxs va uning sheriklari qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Ichki ishlar vazirligi tezkor qidiruv departamenti va uning hududiy bo‘limlari xodimlari, shuningdek, Davlat xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikda Andijon viloyatida fuqarolarga qurol va tig‘li jismlar bilan tahdid qilib, jinoiy harakatlar sodir etib kelayotgan uyushgan guruh qo‘lga olingan.

Xususan, mazkur jinoiy guruh a’zolari orasida muqaddam Jinoyat kodeksining 104-(Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 164-(Bosqinchilik) 277-(Bezorilik) hamda 127-( Voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish) moddalari bilan sudlangan “Hoji” laqabli 1995 yilda Andijon shahrida tug‘ilgan Alimov Minhojiddin Abdumajid o‘g‘li, “Muftiy” laqabli 1995 yilda tug‘ilgan Shokirov Abdumalik Muhammad Sobir o‘g‘li, “Shayton” laqabli Jo‘rabekov Javohir Otabek o‘g‘li va Yo‘ldoshev Javlonbek Tursunboy o‘g‘li bor.

Ular birgalikda jinoiy til biriktirib, guruh bo‘lib kriptoaktivlar ayirboshlash bilan shug‘ullanib yurgan shaxsni obdan kuzatib yurgan. So‘ngra unga qo‘ng‘iroq qilib, mijoz ekanliklarini bildirgan va Andijon shahridagi supermarketlardan birining oldiga chaqirgan. Uni Damas rusumli avtomashinaga mindirib, o‘zlarini huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi deb tanishtirgan. Jabrlanuvchini kriptoaktivlarning noqonuniy muomalasi bilan shug‘ullanib yurganidan xabardor ekanliklari, agar birga ishlovchi tanishidan tegishli kriptohamyon hisob raqamiga 150 ming AQSH dollar o‘tkazib bermasa, jinoiy javobgarlikka tortilishini aytib, qo‘rqitgan. Qurol va o‘tkir tig‘li jismlar bilan jabrlanuvchini o‘z mulkini berishga majbur qilgan holda qiynoqqa solgan.

Shundan so‘ng, jami 100 ming AQSH dollar miqdordagi kriptovalyutani tovlamachilik yo‘li bilan o‘zlariga tegishli kriptohamyonga o‘tkazishga erishgan. Mazkur holat yuzasidan jinoiy guruhga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik) 3-qismi “a” bandi va 176-moddasi (Qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) uchinchi qismi “a” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ular tomonidan sodir etilgan noqonuniy xatti-harakatlarni aniqlash maqsadida olib borilgan tezkor qidiruv va surishtiruv ishlari natijasida guruh a’zosi bo‘lgan 2000 yilda Andijon shahrida tug‘ilgan Yusufjonov Omadbek Yunusjon o‘g‘li (muqaddam jinoyat kodeksining 168-(Firibgarlik), 166-(Talonchilik), 165-(Tovlamachilik), 164-moddalar (Bosqinchilik) bilan sodlangan) ham aniqlangan. U ayol kishiga kuch ishlatish yo‘li bilan tanasining turli joylariga tan jarohat yetkazib, unga tegishli bo‘lgan iPhone 16 Pro Max rusumli telefon apparatini tortib olgani va o‘zining shaxsiy ehtiyojlari uchun 10 million so‘m miqdorda pul mablag‘larini talab qilgani ma’lum bo‘lgan.

Mazkur holat yuzasidan gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 166-moddasi -(Talonchilik) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu guruh ko‘chada oddiy fuqarolarga ham zo‘ravonlik ko‘rsatib kelgan. Guruh a’zolari chet el davlatlarida ham bir nechta jinoyatlar sodir etib, insonlar hayoti va sog‘lig‘i jiddiy zarar yetkazgani aniqlangan.

Ushbu jinoiy guruhning harakatlaridan aziyat ko‘rganlardan ichki ishlar organlariga yoki 102 qisqa raqamiga qo‘l qo‘ng‘iroq qilish so‘raladi. Shaxs sir saqlanishi kafolatlanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda taksichilik bilan shug‘ullangan shaxslardan 810 dollar miqdorida oylik to‘lov undirgan jinoiy guruh a’zolari ushlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Andijon jinoiy guruh Shayton

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing