Antaliyada to‘xtab qolgan kanatdan 112 nafar yo‘lovchi evakuatsiya qilindi
Olam
−
13 aprel
2410Avvalroq Turkiyaning Antaliya shahri markaziy hududida kanat kabinasi qulab tushgani haqida xabar berilgan edi. Turkiyalik qutqaruvchilar hozirgacha to‘xtab qolgan kanat kabinalaridan 184 nafar yo‘lovchidan 112 nafarini evakuatsiya qilishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda Antaliya meri Muhiddin Bochek X sahifasida ma’lum qildi.
“Konyaalti hududida kanatda qolib ketgan fuqarolarimizni qutqarish operatsiyasi davom etmoqda. 15 kabinadan 112 kishi evakuatsiya qilingan. Qolgan 9 ta kabinadan odamlarni qutqarish davom etmoqda”, deya qayd etgan Muhiddin Bochek.
Turkiya Ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoya esa odamlarni kanatdan qutqarish bo‘yicha operatsiyada jami 543 nafar qutqaruvchi ishtirok etayotganini ma’lum qildi.
“7 ta vertolyot, jumladan, 4 ta qirg‘oqni qo‘riqlash vertolyoti, bitta harbiy transport samolyoti, 108 ta texnika, 6 ta tez tibbiy yordam mashinasi va dron ishtirok etmoqda. O‘t o‘chirish bo‘limi, xavfsizlik bo‘limi, qirg‘oq qo‘riqlash va favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ham ishlamoqda”, deydi Yerliqoya.
Shuningdek, Bosh prokuratura voqea yuzasidan tekshiruv boshlagan. Holat sabablari va aybdorlarni aniqlash maqsadida mamlakat Adliya vazirligi ekspert komissiyasini tuzdi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 12 aprel kuni Antaliyada kanat kabinasi qulab tushgandi. Oqibatda bir kishi halok bo‘lib, sakkiz kishi yaralangan. Ular orasida Qirg‘iziston fuqarosi ham bor.
LiveBarchasi