APLda 12-tur sensatsiyalarga boy bo‘ldi
Sport
−
24 noyabr 2041 3 daqiqa
Kecha, 23 noyabr kuni Angliya Premer-ligasi 12-tur uchrashuvlari yakunlandi. Bu turda kutilmagan tarzda “Liverpul” o‘z maydonida “Nottingem Forest”ga yirik hisobda yutqazdi. Pep Gvardiola shogirdlari ham bu turda mag‘lubiyatga uchradi. Turnir jadvali peshqadami “Arsenal” esa London derbisida o‘z hamshahari “Totenxem” ustidan ishonchli g‘alabaga erishdi.
“Byornli” 0:2 “Chelsi”
Bu uchrashuvda “Chelsi” butun o‘yin davomida to‘pni nazorat qilib, raqibni bosim ostida ushladi. Mehmonlarning qanotlar orqali tashkil etilgan tezkor hujumlar samara berdi va jamoa safarda 3 ochkoni qo‘lga kiritdi. “Byornli” himoyasi bosimga bardosh bera olmadi va hujumda kuchsiz ko‘rindi.
“Bornmut” 2:2 “Vest Xem”
“Vest Xem” o‘yinda dastlabki ikki golni kiritib hisobda oldinda borayotgan edi, ammo “Bornmut” ikkinchi bo‘limda qaytish ruhi bilan hisobni tenglashtirdi. Ikkala jamoa ham qarshi hujumlarda xavfli vaziyatlar yaratdi. Natijada ikkala jamoa ham 1 ochkodan bo‘lishib oldi.
“Brayton” 2:1 “Brentford”
“Brentford” uchrashuvda dastlab hisobni ochdi, ammo “Brayton” taktik o‘zgarishlardan so‘ng o‘yinga qaytishni uddasidan chiqdi. Mezbonlar ikkinchi bo‘limda ikki bor raqib darvozasini ishg‘ol etdi va g‘alabani rasmiylashtirdi.
“Fulxem” 1:0 “Sanderlend”
“Fulxem” o‘yinni to‘liq nazoratda ushlab turdi va ko‘plab hujumlar uyushtirdi. Raul Ximenesning 84-daqiqadagi goli jamoaga muhim uch ochko olib keldi. “Sanderlend” esa asosan qarshi hujumlarda harakat qildi, ammo jamoaga aniqlik yetishmadi.
“Liverpul” 0:3 “Nottingem Forest”
“Nottingem Forest” Enfildda intizomli va mukammal taktikaga ega o‘yin namoyish etdi. “Liverpul” himoyasida ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ydi va o‘tkazib yuborilgan gollar jamoaga ruhiy jihatdan ta’sir ko‘rsatdi. Shu sababli ham mezbonlar hujumlardan unumli foydalana olmadi. Natijada mersisaydliklar turnir jadvalida yuqori 10 likdan pastga tushib ketdi.
“Vulverxempton” 0:2 “Kristal Palas”
“Kristal Palas” o‘yinni ehtiyotlik bilan boshladi. Ikkinchi bo‘limda jamoa tezkor qarshi hujumlarda ikki gol urdi. “Vulverxempton” yangi bosh murabbiy qo‘l ostida barqaror o‘yin ko‘rsata olmadi. Mezbonlarga hujumda yaratuvchanlik yetishmadi.
“Nyukasl” 2:1 “Manchester Siti”
“Nyukasl” aniq reja bilan maydonga tushdi va bosim hamda tez hujumlar orqali g‘alabani qo‘lga kiritdi. “Manchester Siti” to‘pni ko‘proq nazorat qildi, ammo yakuniy zarbalar samarasiz yakunlandi. Bu g‘alaba “Nyukasl” uchun strategik jihatdan katta yutuq bo‘ldi.
“Lids” 1:2 “Aston Villa”
“Aston Villa” intizomli va samarali o‘yini bilan mehmonda g‘alabani qo‘lga kiritdi. “Lids” o‘yin davomida ko‘p hujumlar tashkil qildi, ammo hal qiluvchi pas va zarbalarda aniqlik yetishmadi. “Aston Villa” bu g‘alaba bilan jadvalda kuchli 5 talikka kirib oldi.
“Arsenal” 4:1 “Tottenxem”
Turnir jadvali yetakchisi “Arsenal” derbini yuqori temp va jadal press bilan boshladi, katta ustunlikka ega bo‘ldi. “Tottenxem” himoyasidagi bo‘shliqlar mezbonlar uchun qo‘l keldi va jamoa ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi.
“Manchester Yunayted” – “Everton”
Ushbu uchrashuv bugun, 24 noyabr kuni tunda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, hozirda yakuniga yetgan tur uchrashuvlaridan so‘ng “Arsenal” 29 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. Londonning yana bir jamoasi “Chelsi” 23 ochko bilan 2-o‘ringa ko‘tarilib oldi. “Manchester Citi” mag‘lubiyatga qaramay 22 ochko bilan kuchlik uchlikda bormoqda. APLda navbatdagi tur uchrashuvlari joriy yilning 29 noyabr kuni start oladi.
Live
Barchasi