APLda peshqadam ochko yo‘qotdi
Sport
−
01 dekabr 1437 3 daqiqa
Kecha, 30 noyabr kuni Angliya Premer-ligasining 13-tur uchrashuvlari yakunlandi. Bu tur muxlislarga London derbisini tomosha qilish imkonini berdi. “Chelsi” va “Arsenal” o‘rtasidagi to‘qnashuv “jangovar” durang bilan yakunlandi. Pep Gvardiola shogirdlari esa turda “Lids Yunayted”ni mag‘lub etdi. Ketma-ket mag‘lubiyatlardan so‘ng “Liverpul” safarda “Vest Xem Yunayted” maydonida muhim g‘alabaga erishdi.
“Brentford” 3:1 “Byornli”
“Brentford” o‘z uyida ishonchli o‘yin ko‘rsatib, raqibga imkoniyat qoldirmadi. “Byornli” esa hujumdagi yo‘qotilgan vaziyatlar tufayli ochkolardan mahrum bo‘ldi. Mag‘lubiyat natijasida “Byornli” jadvalda pastki pog‘onalarga tushib ketdi.
“Manchester Siti” 3:2 “Lids Yunayted”
“Manchester Siti” uchrashuvni 1-daqiqadagi tezkor gol bilan boshladi. Birinchi bo‘limda hisobda ustunlik qilgan “shaharliklar” ikkinchi bo‘limda biroz xotirjamlikka berildi va “Lids Yunayted” hisobni tenglashtirdi. Biroq qo‘shib berilgan daqiqalarda Foden gol urib, mezbonlarga g‘alabani ta’minladi. Ushbu bahsda Abduqodir Husanov zaxirada qoldi.
“Sanderlend” 3:2 “Bornmut”
“Bornmut” birinchi bo‘lim avvalida 2:0 hisobida oldinga chiqqan bo‘lsa-da, “Sanderlend” kambek evaziga yakuniy hisobni 3:2 ko‘rinishiga keltirdi va g‘alabani rasmiylashtirdi.
“Everton” 1:4 “Nyukasl”
O‘tgan turda “Old Trafford”dan g‘alaba bilan qaytgan “Everton” o‘z maydonida mag‘lubiyatga uchradi. “Nyukasl” uchrashuvning dastlabki daqiqalaridanoq ustunlikni qo‘lga kiritib, safarda yirik hisobdagi g‘alabani qo‘lga kiritdi.
“Tottenxem” 1:2 “Fulxem”
“Tottenxem” kutilmagan mag‘lubiyatga uchradi. “Fulxem” o‘yinni faol boshlab, dastlabki bosim natijasida hisobni ochdi. Ikkinchi bo‘limda mezbonlar hisobni qisqartirishga erishdi, biroq bu ochko olish uchun yetarli bo‘lmadi.
“Kristal Pelas” 1:2 “Manchester Yunayted”
“Manchester Yunayted” ketma-ket muvaffaqiyatsizliklardan so‘ng muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi. Jamoa dastlab o‘z darvozasidan gol qabul qilib olgan bo‘lsa-da, ikkinchi bo‘limda ikki marta javob qaytarib, uzoq kutilgan uch ochkoni qo‘lga kiritdi.
“Aston Villa” 1:0 “Vulverxempton”
Unai Emeri shogirdlari kichik hisobda g‘alaba qozonib, turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarildi. “Vulverxempton” esa atigi 2 ochko bilan mavsumning eng omadsiz jamoasi bo‘lib turibdi.
“Nottingem Forest” 0:2 “Brayton”
“Brayton” safarda ishonchli o‘yin namoyish etib, “Nottingem Forest” darvozasini ikki bor ishg‘ol qildi. Bu g‘alaba jamoaga yuqori o‘rinlar uchun kurashni davom ettirish imkonini berdi.
“Vest Xem” 0:2 “Liverpul”
“Liverpul” ketma-ket mag‘lubiyatlardan so‘ng safarda “Vest Xem” ni mag‘lubiyatga uchratdi. Isak va Gakponing gollari “qizillar”ga muhim 3 ochko keltirdi.
“Chelsi” 1:1 “Arsenal”
Turning markaziy uchrashuvi Londonda bo‘lib o‘tdi. “Chelsi” birinchi bo‘limda bir kishi kam qolganiga qaramay, ikkinchi bo‘limda hisobni ochdi, biroq undan ko‘p o‘tmay turnir peshqadami “Arsenal” hisobni tenglashtirdi. Shu tariqa jamoalar bir ochkodan bo‘lishib, derbini durang bilan yakunladi.
Ma’lumot uchun, yakuniga yetgan tur uchrashuvlaridan so‘ng Londonning “Arsenal” jamoasi 30 ochko bilan peshqadamlikni davom ettirmoqda. “Manchester Siti” 25 ochko jamg‘argan holda, ikkinchi, “Chelsi” esa 24 ochko bilan 3-o‘rinni egallab turibdi. Navbatdagi tur uchrashuvlari ertaga, 2 dekabr kunidan boshlanadi.