Atmosferaga zarar yetkazayotgan 100 dan ortiq xo‘jalik faoliyati to‘xtatildi

Jamiyat

image

Toshkent shahri va Toshkent viloyatida joylashgan 106 xo‘jalik faoliyati vaqtincha to‘xtatildi, 58 issiqxona xo‘jaligiga nisbatan esa ma’muriy jarima qo‘llanildi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi. 

Ma’lum qilinishicha, vazirlik, Bosh prokuratura hamda Toshkent shahar va viloyat hokimliklari tomonidan 300 dan ortiq mutaxassislardan iborat ishchi guruhlar tashkil etilgan. Ular tomonidan poytaxt hududidagi issiqxona xo‘jaliklari, sanoat korxonalari, qurilish materiallari ishlab chiqarish zavodlari va boshqa yirik ishlab chiqaruvchi hamda ijtimoiy soha ob’ektlari to‘liq xatlovdan o‘tkazilgan.

Nazorat tadbirlari natijasida 4 869 ob’ekt o‘rganilib, ulardan 595 tasi issiqxona xo‘jaliklari (Toshkent viloyatida 381 ta, Toshkent shahrida 214 ta), 2 265 ta ijtimoiy soha ob’ekti hamda 1 998 sanoat va qurilish materiallari ishlab chiqarish korxonalari bo‘lgan. Barcha ob’ektlarda profilaktika va tushuntirish ishlari amalga oshirilgan.

O‘rganishlar davomida atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik talablariga rioya etilmagan holatlar aniqlangan. Xususan, ayrim xo‘jaliklarda zararli kimyoviy, fizik va biologik ta’sir ko‘rsatuvchi moddalar havoga chiqarilgan. Aniqlangan har bir qonunbuzilish holati bo‘yicha keskin choralar ko‘rilgan, ularning oldini olish hamda kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilangan.

Jumladan, dudburondan foydalanish qoidalarini buzgan 58 issiqxona xo‘jaligiga nisbatan ma’muriy jarima qo‘llanilgan, 106 xo‘jalik faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan. Shuningdek, 387 holat bo‘yicha ekologik talablariga muvofiqlashtirish hamda plyonka, avtoshina va o‘simlik qoldiqlarini yoqilg‘i sifatida foydalanmaslik yuzasidan rasmiy ogohlantirish xatlari yuborilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahri va viloyatida havo ifloslanishini kamaytirishga qaratilgan kompleks choralar joriy etilishi haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent issiqxona

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing