Ayrim yoshlarning haydovchilikka o‘qish xarajatlari qoplab beriladi

Jamiyat

image

2026 yil 1 fevraldan Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalardagi yoshlarga safarbarlik chaqiruvi rezervida harbiy xizmatni bepul o‘tash, haydovchilikka o‘qish xarajatlarini qoplash, shuningdek, kasbiy va oliy ta’lim muassasalarida o‘qish uchun to‘lov-kontrakt summasining bir qismi “Yoshlar daftari” jamg‘armalari hisobidan to‘lab berish tartibi joriy etiladi. Bu haqda 20 noyabr kuni qabul qilingan “Yoshlar daftari” jamg‘armalari orqali ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi Prezident farmonida so‘z boradi.

Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 fevraldan Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalardagi yoshlar uchun quyidagi imtiyozlar belgilanadi:

  • Safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmatni bepul o‘tash tartibi joriy etiladi, ushbu maqsad uchun alohida subsidiya ajratish amaliyoti esa bekor qilinadi;

“Yoshlar daftari” jamg‘armalari orqali:

  • avtomototransport haydovchilarini tayyorlash o‘quv kursi xarajatlarini qoplash bo‘yicha subsidiya haydovchilik guvohnomasining A, B, D va DE toifalarini olish uchun to‘lab beriladi;
  • kasbiy va oliy ta’lim tashkilotlari o‘quvchi-talabalarining to‘lov-kontrakt summasi 50 foizgacha qismi tuzilgan ijtimoiy shartnoma shartlarini bajarish darajasidan kelib chiqib to‘lanadi hamda bu miqdor 1 o‘quv yili uchun BHMning 50 baravaridan oshmasligi lozim;
  • ayni bir shaxs 1 yil davomida turli ijtimoiy yordam turlaridan ko‘pi bilan 2 marta foydalanishi mumkin.

Ijtimoiy shartnoma shartlarini muntazam ravishda kamida 6 oy davomida yuqori darajada bajargan yoshlar quyidagicha rag‘batlantiriladi:

  • Unga imtiyozli ravishda navbatdan tashqari ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi;
  • eng yaxshi 1 000 nafar yoshlar har yili bir marta BHMning 3 baravari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi;
  • yoshlarning tashabbuskorligi va faolligini rag‘batlantirishga qaratilgan mukofotlarga tavsiya etiladi.

Aksincha, ijtimoiy shartnoma shartlari bajarilmaganda esa bosqichma-bosqich quyidagi choralar qo‘llanadi:

  • Ijtimoiy shartnomaning bajarilmagan shartlarini 15 kun ichida bajarish to‘g‘risida ogohlantirish;
  • ijtimoiy yordam miqdorlarini 15 foizdan 30 foizgacha kamaytirish;
  • ijtimoiy yordam ko‘rsatishni 1 oydan 6 oygacha vaqtinchalik to‘xtatish;
  • ijtimoiy yordam ko‘rsatishni 1 yil va undan ortiq muddatga to‘xtatish.

Maqola muallifi

Teglar

Kambag'al o'qish haydovchilik xarajat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing