BAAda Rossiya, AQSH va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasida uchrashuv bo‘ladi

Olam

image

Bugun, 23 yanvar kuni Birlashgan Arab Amirliklarida Rossiya, AQSH va Ukraina delegatsiyalari ishtirokida uch tomonlama muzokaralar bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Rossiya Prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov TASS nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Ushakovning aytishicha, xavfsizlik masalalari bo‘yicha Rossiya muzokara guruhi allaqachon shakllantirilgan va yaqin soatlar ichida Birlashgan Arab Amirliklariga yo‘l oladi. Delegatsiya tarkibiga Rossiya Mudofaa vazirligi rahbariyati vakillari, jumladan bosh shtab boshqarmasi boshlig‘i, admiral Igor Kostyukov boshchiligidagi rasmiylar kiritilgan.

U, shuningdek, Rossiya delegatsiyasi Prezident Vladimir Putin tomonidan o‘tkazilgan muzokaralarning barcha tafsilotlari inobatga olingan holda tegishli ko‘rsatmalar olganini ta’kidlagan.

Shu bilan bir vaqtda, Abu-Dabida Rossiya Prezidentining xorijiy davlatlar bilan investitsion-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili Kirill Dmitriyev va AQSH Prezidenti maxsus vakili Stiv Uitkoff o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv ham bo‘lib o‘tadi. Ular iqtisodiy masalalar bo‘yicha ikki tomonlama ishchi guruh rahbarlari hisoblanadi.

Ikki tomonlama muzokaralarda delegatsiyalar AQSHda muzlatib qo‘yilgan Rossiya aktivlaridan 1 milliard AQSH dollari miqdorida “Tinchlik kengashi”ga a’zolik badalini to‘lash, shuningdek mojaro yakunlanganidan so‘ng Ukrainadagi harbiy harakatlar oqibatida zarar ko‘rgan hududlarni tiklash masalalarini muhokama qilishni davom ettiradi. Ushakovning so‘zlariga ko‘ra, bu mavzu bo‘yicha muhokamalar ikki tomonlama iqtisodiy guruh doirasida davom etadi.

AQSH tomondan muzokaralarda Stiv Uitkoffdan tashqari AQSH armiyasi vaziri Deniyel Driskoll va Prezidentning kuyovi Jared Kushner ham ishtirok etadi.

Ukraina delegatsiyasi ham allaqachon BAAga yo‘l olgan. Uning tarkibiga Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustam Umarov, Prezident ofisi rahbari Kirill Budanov, ofis rahbari birinchi o‘rinbosari Sergey Kislitsa, “Xalq xizmatkori” partiyasi fraksiyasi rahbari David Araxamiya va Ukraina Qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i, general-leytenant Andrey Gnatov kiritilgan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 22 yanvar kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, uning yordamchisi Yuriy Ushakov va Putinning maxsus vakili, Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi bosh direktori Kirill Dmitriyev AQSH Prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff, Trampning kuyovi Jared Kushner hamda Oq uyning katta maslahatchisi Josh Gryunbaum bilan Kremlda yopiq eshiklar ortida uchrashuv o‘tkazgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing