BAAda Tramp sochi uzun qizlar bilan kutib olindi (video)
Olam
−
15 may 25610 2 daqiqa
Bugun, 15 may kuni Birlashgan Arab Amirliklarida (BAA) AQSH Prezidenti Donald Trampni qabul qilish marosimida ayollar tomonidan “xalijiy” deb ataluvchi soch raqsi ijro etildi. Bu haqda AQSH Prezidentining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha maslahatchisi Margo Martin ijtimoiy tarmoq X’dagi sahifasida ma’lum qildi.
“Xalijiy” so‘zi arab tilida “ko‘rfaz” degan ma’noni bildiradi, chunki bu raqs Fors ko‘rfazi mamlakatlarida keng tarqalgan. Uni faqat rasmiy tadbirlardagina emas, balki to‘ylarda ham ijro etishadi.
Raqs davomida raqqosalar boshlarini pastga egib, sochlarini silkitadi. Aynan shu tarzda ular AQSH Prezidentini qarshi olgan. Ularning ortida esa qilich tutgan faxriy qorovul saf tortib turgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp Yaqin Sharqqa qilayotgan safari doirasida rasmiy tashrif bilan Birlashgan Arab Amirliklariga kelgandi. Uni shaxsan BAA Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon kutib oldi.
Tramp Abu-Dabidagi shayx Zoid masjidiga tashrif buyuradi, shundan so‘ng Prezidentlik qarorgohi – Qasr al-Vatan saroyida rasmiy qabul va tantanali kechki ovqat rejalashtirilgan.
16 may kuni esa AQSH Prezidenti Abu-Dabidagi AQSH elchixonasi xodimlari bilan uchrashadi. Shuningdek, u amerikalik va amirlik tadbirkorlar ishtirokidagi forumga tashrif buyuradi.
Trampning Yaqin Sharqqa tashrifi
Ayni damda Yaqin Sharqqa tashrif buyurgan Tramp 13-16 may kunlari mazkur mintaqada bo‘ladi. AQSH Prezidenti hozirgacha mazkur tashrif davomida Saudiya Arabistoni bilan AQSH iqtisodiyotiga 600 mlrd dollar sarmoya kiritish bo‘yicha bitim imzoladi.
Shuningdek, Tramp va Qatar hukumati o‘rtasida 1,2 trillion dollardan ortiq qiymatga ega iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi. Mazkur shartnoma Boeing kompaniyasi Qatarga 200 mlrd dollarlik 160 dan ortiq samolyot yetkazib berishi to‘g‘risida kelishuvni ham o‘z ichiga oladi.
Bundan tashqari, Saudiya Arabistonida bo‘lib turgan paytda Tramp Suriyaga qarshi barcha AQSH sanksiyalarini bekor qilishini e’lon qildi. Bu qaror ijtimoiy va diplomatik doiralarda katta rezonansga sabab bo‘ldi. Tramp, shuningdek, Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara bilan uchrashdi va uni Isroilni tan olish va Ibrohim kelishuvlariga qo‘shilishga da’vat etdi.
Live
Barchasi