Baxt gormoni eshitish qobiliyatini yomonlashtirishi mumkin – tadqiqot

Bu qiziq

image

Odatda kayfiyat bilan bog‘lanadigan serotonin neyromediatori quloqdagi shovqinni (tinnitus) bevosita kuchaytirishi mumkin. AQSH va Xitoy olimlari eshitish tizimiga ta’sir qiluvchi muayyan neyron zanjirini aniqlab, shunday xulosaga keldi. Bu haqdagi tadqiqot natijalari “Proceedings of the National Academy of Sciences” (PNAS) jurnalida e’lon qilindi.

Qayd etilishicha, sichqonlar ustida o‘tkazilgan tajribalarda tadqiqotchilar miya poyasidagi – “orqa chok yadrosi” deb ataluvchi sohadagi serotonin neyronlarini faollashtirgan. Bu eshitish markazlarida faollikning oshishiga olib kelgan va quloqdagi shovqinga o‘xshash holatni keltirib chiqargan: hayvonlar tovushdagi pauzalarni (to‘xtalishlarni) farqlay olmay qolgan, bu esa “fantom” shovqinning belgisi hisoblanadi.

Olimlar, aksincha, ushbu zanjirni bloklaganda, simptomlar kuchsizlashgan. Bu ilk bor serotonin signalizatsiyasini tinnitus (quloq jaranglashi) paydo bo‘lish mexanizmi bilan bevosita bog‘lash imkonini bergan.

Mualliflarning ko‘rsatishicha, asosiy rolni orqa chok yadrosi va tovush signallarini qayta ishlovchi orqa chig‘anoq yadrosi o‘rtasidagi bog‘liqlik o‘ynaydi. Aynan shu yo‘l orqali serotonin miya tashqi manba bo‘lmasa-da, tovush deb qabul qiladigan anomal faollikni kuchaytirishga qodir.

“Quloqdagi shovqin – inson tashqi qo‘zg‘atuvchisiz jaranglash, shivirlash yoki g‘uvillashni eshitadigan keng tarqalgan holatdir. Ko‘p hollarda muammo quloqlar bilan emas, balki miyada tovushni qayta ishlashning buzilishi bilan bog‘liq. Shu bilan birga, bemorlar ko‘pincha xavotir va depressiyaga duch kelishadi”, deydi olimlar.

Tadqiqotchilarning aniqlik kiritishicha, bu kashfiyot amaliy jihatdan ham muhim. Bunday holatlarni davolashda ko‘pincha antidepressantlar – serotoninni qayta qabul qilishning selektiv ingibitorlari qo‘llaniladi. Yangi ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, serotonin faolligining oshishi bir vaqtning o‘zida ruhiy simptomlarni yengillashtirishi va quloqdagi shovqinni kuchaytirishi mumkin.

Tadqiqotchilarning fikricha, kelajakda bu eshitish zanjirlariga tegmasdan, miyaning faqat “kerakli” qismlariga ta’sir qiluvchi aniq yo‘naltirilgan dori vositalarini yaratish imkonini beradi. Biroq natijalarni tasdiqlash uchun insonlarda ham tadqiqotlar o‘tkazish zarur.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mayami universiteti tadqiqotchilari hech qachon nikohda bo‘lmagan insonlarda saraton kasalligiga chalinish xavfi oilali kishilarga qaraganda yuqoriroq bo‘lishini aniqlagan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baxt gormoni serotonin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar