Bankdagi o‘g‘rilikda ikki xodim otib o‘ldirildi
Olam
−
01 may 7410 2 daqiqa
Joriy yilning 29 aprel kuni AQSHning Kentukki shtatidagi bank o‘g‘irligida ikki xodim otib o‘ldirildi. Gumonlanuvchi qidirilmoqda. Bu haqda ABC News xabar berdi.
Qayd etilishicha, gumondor mahalliy vaqt bilan soat 14:00 atrofida Berea shahridagi Chestnat ko‘chasida joylashgan AQSH bankiga kirib, ikki xodimni otib tashlagan, so‘ng qochib ketgan.
“Biz Berea va Medison okrugi fuqarolarini tushunamiz, ular hozir qo‘rqishadi va biz ular uchun qo‘rqamiz. Biz bu odamni topish va uni javobgarlikka tortish uchun qo‘limizdan kelganini qilamiz”, deydi Kentukki shtati politsiyasi xodimi Skott Pennington.
Shtat politsiyasining ma’lumotlariga ko‘ra, gumondorning bo‘yi taxminan 1,90 sm, och rangli sviter, to‘q rangli qo‘lqop, kulrang shim va och rangli sport poyabzali kiyib olgan. Gumondorning bankdan biror narsa olib ketgan yoki ketmagani, shuningdek, uning piyoda yoki transport vositasida bo‘lganligi noma’lum.
Politsiya rasmiylari aholini hushyor bo‘lishga, eshiklarini qulflab qo‘yishga va shubhali biror narsa ko‘rsa, politsiyaga qo‘ng‘iroq qilishga chaqirgan.
“Ayvondagi chiroqni yoqib qo‘ying. Biz ushbu voqea ko‘proq qurbonlar bo‘lishiga olib kelishini istamaymiz. Umid qilamizki, u shunchaki o‘zini topshiradi”, deydi Skott Pennington.
Shuningdek, politsiya rasmiysi gumonlanuvchiga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llagan xabarida: “Siz juda ko‘p muammoga duch keldingiz. Juda ko‘p muammo. Lekin boshqa birov jarohat olishidan oldin o‘zingizni topshiring”, degan.
Ma’lumot uchun, Berea shahri Leksingtondan taxminan 64 kilometr janubda joylashgan. Ushbu shaharda 16 000 dan ortiq aholi istiqomat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHdagi maktabga qilingan hujum oqibatida 6 kishi jarohatlangan edi.
Shahzoda Shukurullayeva
Live
Barchasi