“Barronni frontga yuboring”. Tramp o‘g‘li atrofida satirik kampaniya avj oldi

Olam

image

AQSH va Isroilning Eronga qarshi havo zarbalari fonida internetda Qo‘shma Shtatlar Prezidenti Donald Trampning kenja o‘g‘li Barron Trampni armiyaga chaqirishga qaratilgan satirik kampaniya keng tarqaldi. Bu haqda “Euronews” yozdi.

“South Park” multseriali ssenaristlaridan biri Tobi Morton tomonidan ishga tushirilgan saytda 19 yoshli Barronni urushga yuborish g‘oyasi hazil va tanqidiy ruhda ilgari surilgan. Shu orqali #SendBarron xeshtegi ijtimoiy tarmoqlarda ommalashib ketgan.

Kampaniya AQSHning Eronga qarshi katta harbiy amaliyotidan keyin paydo bo‘lgan. Ushbu zarbalar davomida kamida olti nafar amerikalik harbiy halok bo‘lgani xabar qilingan. Ayrim kuzatuvchilar Trampni qurbonlar haqida yetarlicha qayg‘urmayotganlikda tanqid qilmoqda. Ularga ko‘ra, Prezident bir tadbirda halok bo‘lgan harbiylar haqida emas, balki Oq uyda qurilishi rejalashtirilayotgan yangi zal haqida gapirgan.

Satirik saytda Trampning “jasorati” va “kuchli genlari”ga ishora qilib, uning o‘g‘li ham mamlakatni himoya qilishga tayyor ekani hazil tarzida tilga olingan. Saytda hatto “yosh shahzoda”ning uxlab yotgan suratlari ham joylashtirilgan bo‘lib, matnda “xizmat – sharaf, kuch esa meros” kabi kinoyali iboralar ishlatilgan.

Internet foydalanuvchilari bu tashabbusni keng muhokama qilmoqda. Ayrimlar Tramp oilasining harbiy xizmatga munosabatini ham esga olgan. Donald Tramp Vetnam urushi davrida tibbiy sabab — tovon suyagidagi muammo bahonasi bilan armiyaga chaqiruvdan ozod qilingani haqida ma’lumotlar borligi aytiladi.

Shu bilan birga, mutaxassislar Barron Trampning armiyaga chaqirilishi amalda ehtimoli pastligini ta’kidlaydi. Uning bo‘yi taxminan 205 santimetr bo‘lib, bu ko‘plab AQSH harbiy bo‘linmalarida belgilangan maksimal bo‘y me’yoridan yuqori hisoblanadi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron Tramp Isroil Barron

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing