Belgiya xatolik bilan Belarus o‘rniga “Tinchlik kengashi”ga kiritildi. Lukashenko hayratda

Olam

image

Oq uy Belgiyani xatolik bilan “Tinchlik kengashi”ga qo‘shilishga rozi bo‘lgan davlatlar ro‘yxatiga kiritdi. Belgiya davlati Belarus bilan adashtirilgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda kecha, 22 yanvar kuni Amerikaning “NBC News” telekanali xabar berdi.

Qayd etilishicha, Tramp ma’muriyati “Tinchlik kengashi”ga qo‘shilgan 22 mamlakat ro‘yxatini e’lon qilgan. Ro‘yxatga Belgiya, Ozarbayjon, Argentina, Armaniston, Bahrayn, Bolgariya, Vengriya, Misr, Indoneziya, Iordaniya, Qozog‘iston, Qatar, Kosovo, Marokash, Mo‘g‘uliston, Birlashgan Arab Amirliklari (BAA), Pokiston, Paragvay, Saudiya Arabistoni, Turkiya va O‘zbekiston kiritilgan. Biroq, ro‘yxatga Belarus kiritilmagan. Vaholanki, 20 yanvar kuni Belarus rezidenti Aleksandr Lukashenko tashkilotga qo‘shilish to‘g‘risidagi hujjatni imzolaganini ma’lum qilgandi.

“Men hozirgina hujjatni imzoladim. Men ular so‘raganidek, Qo‘shma Shtatlarga tegishli murojaatni imzoladim, unda biz ularning ushbu Kengashning asoschi a’zosi bo‘lish taklifini qabul qilishga tayyor ekanligimiz bildirilgan”, degandi Lukashenko.

Shuningdek, u “Tinchlik kengashi”ning vakolati va ta’sirini boshqa mintaqalarga, birinchi navbatda Ukraina mojarosi sharoitida kengaytirish imkoniyatiga ko‘proq qiziqish bildirayotganini aytgandi.

Belgiya Tashqi ishlar vazirligi esa, “Tinchlik kengashi” nizomini imzolamaganini bildirdi. Belgiya Bosh vazirining o‘rinbosari va tashqi ishlar vaziri Maksim Prevost vaziyatga izoh berdi. 

“Belgiya “Tinchlik kengashi” nizomini imzolamadi. Bu boradagi hisobot noto‘g‘ri. Biz Yevropaning yagona va muvofiqlashtirilgan javob berishini istaymiz. Ko‘pgina Yevropa mamlakatlari singari, bizda ham bu taklifga shubha bor”, deb yozdi u ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida.

Oq uy Belgiyani Belarus bilan adashtirib yubordi, jumladan, birinchisini “Tinchlik Kengashi” a’zo davlatlar ro‘yxatiga kiritganini iddao qildi. Biroq, Qo‘shma Shtatlarning ma’lum qilishicha, Belgiya tashkilotga qo‘shilish to‘g‘risidagi hujjatni imzolagan, ammo so‘nggi daqiqada fikrini o‘zgartirgan.

Belgiya rasmiylari amerikaliklarning xabarlarini rad etmoqda. 

“Biz hech qachon hujjatni imzolash niyatini bildirmaganmiz. Biz amerikalik hamkorlarimizga uni hozirgi shaklda imzolay olmasligimiz sabablarini ma’lum qildik”, dedi Prevost matbuot xizmati.

Ma’lumot o‘rnida, “Tinchlik Kengashi” G‘azo sektori uchun tinchlik rejasini qo‘llab-quvvatlash uchun tashkil etilgan. Biroq, uning nizomini ko‘rib chiqqan kuzatuvchilar, tashkilotning vakolatlari ancha kengroq bo‘lishi mumkinligini va bu uni BMTga raqibga aylantirishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Tinchlik Kengashiga qo‘shilish uchun 60 ga yaqin davlat taklifnoma oldi. Ushbu mamlakatlarning 30 dan ortig‘i, jumladan, Rossiya, Ozarbayjon, Armaniston, BAA va Turkiya taklifnomani qabul qildi.

Bolgariya va Vengriyadan tashqari Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tashkilotga qo‘shilishdan bosh tortdilar (Norvegiya, Sloveniya, Fransiya va Shvetsiya) yoki taklifnomaga izoh bermadilar. Buyuk Britaniya ham Tinchlik kengashi nizomini imzolashdan bosh tortdi.  Davosdagi Jahon iqtisodiy forumida (WEF) bo‘lib o‘tgan imzolash marosimida 19 mamlakat vakillari ishtirok etdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp Kanadaning Tinchlik kengashiga qo‘shilish taklifini bekor qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Belarus' Bel'giya Qo'shma Shtatlar Tinchlik Kengashi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing