Bellingem terma jamoaga borishni istamadi – OAV
Sport
−
06 Oktabr 2139 2 daqiqa
“Real Madrid” futbolchi Jud Bellingem Angliya terma jamoasi ustozi Tomas Tuxeldan FIFA kunlari uchun qaydnomaga kiritmasligini so‘ragan. “Chelsi” va “Bavariya”ning sobiq murabbiyi dastlab Bellingemga ishonch bildirmoqchi edi, ammo suhbatlardan so‘ng futbolchi Ispaniya poytaxtida qoladigan bo‘ldi. Bu haqda “Marca” nashri xabar berdi.
3 oktyabr kuni “Real Madrid” yarim himoyachisi Jud Bellingem Angliya terma jamoasining Uels va Latviya bilan o‘tkaziladigan xalqaro o‘yinlari uchun qaydnomada kiritilmagani tasdiqlandi. 22 yoshli futbolchi yelkasidagi jarrohlik amaliyotidan rejalashtirilganidan ertaroq qaytib, jamoasining bir nechta uchrashuvlarida maydonga tushgan bo‘lsa-da, milliy jamoaga chaqirilmaydi.
Manbaga ko‘ra, Bellingem o‘zi hali 100 foizga tayyor emasligini tan oldi. Shuning uchun u keyingi ikki hafta ichida maxsus mashg‘ulotlar orqali eng yaxshi holatiga qaytishga qaror qildi. Angliya terma jamoasi shtabi ham uning qarorini tushunib, majburlab milliy jamoaga qo‘shish teskari natija berishi mumkinligini inobatga oldi.
Bellingem avgust oyida operatsiya qilingach, oktyabr oyi oxirigacha safga qaytishi kutilgandi. Biroq u bir necha hafta oldin “Real Madrid”ning “Espanol”ga qarshi o‘yinida maydonga qaytdi va o‘tgan hafta oxirida Madrid derbisida asosiy tarkibda maydonga tushdi.
Bellingem xalqaro tanaffus vaqtida Madridda qoladigan bo‘ldi. Endi u Valdebebasda Xabi Alonso boshchiligidagi murabbiylar shtabi tomonidan tuzilgan individual ish dasturi asosida “mini-mavsumoldi” tayyorgarlikdan o‘tadi.
Ma’lumot uchun, Bellingem jarohatidan qaytgandan so‘ng, “Real Madrid” bilan 5 ta o‘yinda maydonga tushdi. Shular orasida Qozog‘istondagi “Qayrat”ga qarshi UEFA Chempionlar ligasidagi uchrashuv ham bor.