“Bir kun ko‘rishmasang, go‘yo uch kuz o‘tgandek”. Putin Si Szinpinga “paxta” qo‘ydi (video)
Olam
−
20 may 4322 3 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin Pekinda rasmiy muzokaralarni boshladi. Bu haqda “Ria novosti” xabar berdi.
Putin bugun, 20 may kuni ertalab Pekin markazidagi Tyananmen maydonida joylashgan Xalq yig‘inlari saroyiga yetib keldi. U yerda Rossiya rahbarini shaxsan Si Szinpin kutib oldi. Uchrashuv avvalida ikki davlat yetakchilari bir-birini ko‘p yillik do‘st deb atagan.
“Xitoyda shunday deyishadi: bir kun ko‘rishmasang, go‘yo uch kuz o‘tgandek bo‘ladi”, degan Putin Xitoy maqolini keltirib.
Rossiya prezidenti bu yil 25 yilligi nishonlanayotgan qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarning asosi deb atagan. Uning ta’kidlashicha, shu davr ichida o‘zaro savdo hajmi 30 baravarga o‘sib, 200 milliard dollardan oshgan.
“Bugun munosabatlarimiz misli ko‘rilmagan darajada yuqori bosqichga chiqdi va haqiqiy keng qamrovli sheriklik hamda strategik hamkorlik namunasiga aylandi”, degan Putin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya va Xitoyning tashqi siyosatdagi hamkorligi xalqaro munosabatlardagi asosiy barqarorlashtiruvchi omillardan biri hisoblanadi. U Moskva va Pekin yanada adolatli va demokratik jahon tartibini shakllantirishga intilayotganini ta’kidlagan.
Putin ikki tomonlama munosabatlarda yuqori texnologiyalar, sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalarini ustuvor yo‘nalish deb atagan. Shuningdek, Rossiya va Xitoy o‘zaro vizasiz tartib amaliyotini davom ettirishini bildirgan. Rossiya Prezidenti Si Szinpinni 2027 yilda Rossiyaga tashrif bilan kelishni taklif qildi hamda kuzda Shenchjen shahrida o‘tadigan Osiyo–Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi sammitida ishtirok etishga tayyorligini bildirgan.
“Xitoy–Rossiya munosabatlari siyosiy o‘zaro ishonch va strategik hamkorlikni mustahkamlash jarayonidagi qat’iy iroda tufayli bosqichma-bosqich hozirgi yuqori darajaga chiqdi”, degan Xitoy rahbari.
U xalqaro vaziyat murakkablashib, dunyoda bo‘linish va ustunlikka intilish kuchayganiga qaramay, tinchlik, taraqqiyot va hamkorlikka intilish hamon xalqlarning asosiy istagi bo‘lib qolayotganini ta’kidlagan.
Si Szinpin Rossiya va Xitoy dunyoning muhim davlatlari hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi a’zolari sifatida yanada adolatli global boshqaruv tizimini shakllantirishi lozimligini bildirgan. Shuningdek, u 25 yil avval imzolangan Qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik shartnomasi ikki davlat munosabatlarida katta rivojlanishga yo‘l ochganini qayd etib, Pekin kelishuv muddatini uzaytirishni qo‘llab-quvvatlashini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, Putin Xitoyga 19 may kuni kechqurun yetib borgandi. Uni aeroportda Xitoy tashqi ishlar vaziri va Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi komissiyasi rahbari Van I kutib olgandi. Tomonlar xalqaro muhim masalalar bilan birga, uglevodorodlar sohasidagi hamkorlik va “Sibir qudrati – 2” gaz quvuri loyihasini ham batafsil ko‘rib chiqishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, Putin bilan birga Pekinga Rossiya hukumati va yirik biznes vakillaridan iborat delegatsiya ham kelgan. Ular orasida birinchi Bosh vazir o‘rinbosari Denis Manturov, Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Rossiya Markaziy banki raisi Elvira Nabiullina, “Rosneft” rahbari Igor Sechin va “Gazprom” rahbari Aleksey Miller bor.
Live
Barchasi