BMT Isroilga qurol yetkazib berishni to‘xtatishni talab qildi

Olam

image

Bir guruh Birlashgan Millatlar Tashkiloti ekspertlari Isroilning Livanga uyushtirgan hujumini qoraladi va BMTga a’zo davlatlarni Isroilga barcha turdagi qurollarni yetkazib berishni to‘xtatishga chaqirdi. Bu haqda kecha, 15 aprel kuni 19 nafar ekspert tomonidan e’lon qilingan bayonotda so‘z boradi.

Ekspertlar joriy yilning 8 aprel kuni Isroilning Livan bo‘ylab amalga oshirgan va Livan rasmiylariga ko‘ra 350 dan ortiq kishining (jumladan, 30 nafar bolaning) hayotiga zomin bo‘lgan dahshatli hujumlariga to‘xtalgan.

“Bu o‘zini himoya qilish emas. Bu BMT Nizomining ochiqdan-ochiq buzilishi, tinchlik istiqbollarini qasddan yo‘q qilish hamda ko‘p tomonlamalik va BMTga asoslangan xalqaro tartibga nisbatan haqoratdir”, deyiladi bayonotda.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi ma’lumotiga ko‘ra, ular Isroilni “Livandagi barcha harbiy amaliyotlarni to‘xtatishga” chaqirgan va “xalqaro gumanitar huquq hamda inson huquqlarining jiddiy buzilishi haqida ishonchli dalillar mavjud bo‘lgan bir paytda” a’zo davlatlarni Isroilga qurol yetkazishni to‘xtatishga undagan.

Ma’lumot uchun, Isroil Livan bo‘ylab vayronkor bombardimonlar va janubda quruqlikdagi bosqinni amalga oshirib, 2000 dan ortiq odamning o‘limiga va 1,2 milliondan ortiq kishining majburiy ko‘chirilishiga sabab bo‘ldi.

BMT ekspertlari tinch aholining bunday majburiy ko‘chirilishi “insoniyatga qarshi jinoyat” ekanini aytmoqda. Shuningdek, ular Isroil tomonidan uy-joylarning, ayniqsa janubdagi shialar yashaydigan hududlarda maqsadli vayron qilinishini “jamoaviy jazolashning bir shakli” va “etnik tozalashdan dalolat beruvchi” harakat sifatida qoralagan.

Isroilning Livanni bombardimon qilishda davom etayotgani AQSH-Eron muzokaralaridagi keskinlik nuqtasi bo‘lib qolmoqda. Tehron Livan ham joriy sulh doirasiga kiritilishi kerakligini aytgan. Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu esa Livan Eron bilan tuzilgan sulhning bir qismi emasligini va Isroil “qayerda talab etilsa”, “Hizbulloh”ni nishonga olishda davom etishini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Livan va Isroil rasmiy vakillari Vashingtonda to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish uchun uchrashgandi. Bu rasman urush holatida bo‘lgan ikki davlat o‘rtasida 1993 yildan beri o‘tkazilayotgan birinchi siyosiy muzokara hisoblanadi. Shuningdek, Donald Tramp 34 yil ichida ilk bor Isroil va Livan yetakchilari muzokaralar o‘tkazishini e’lon qildi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Isroil Livan Birlashgan Millatlar Tashkiloti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing