BMT Isroilni jinsiy zo‘ravonlik qo‘llaganlar “qora ro‘yxati”ga kiritdi
Olam
−
29 may 1979 2 daqiqa
BMT Isroilni mojarolar vaqtida jinsiy zo‘ravonlik qo‘llagan tomonlar “qora ro‘yxati”ga kiritdi. Bu haqda Isroilning BMTdagi elchisi Denni Danon ma’lum qildi.
Uning aytishicha, Tel-Aviv BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan aloqalarni to‘xtatadi.
“Biz endi bu Bosh kotib bilan ishlamaymiz”, deb yozgan Danon X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilgan videomurojaatida.
BMT Bosh kotibining mojarolar bilan bog‘liq jinsiy zo‘ravonlik haqidagi yillik hisoboti odatda rasmiy e’lon qilinishidan oldin tegishli davlatlarga taqdim etiladi. O‘tgan yil avgust oyidagi hisobotda Isroil qurolli mojarolarda jinsiy zo‘ravonlikda gumon qilinayotgan yoki ayblanayotgan tomonlar ro‘yxatiga qo‘shilishi mumkinligi aytilgan.
“Isroilni qora ro‘yxatga kiritish va bizni jinsiy zo‘ravonlikni urush quroli sifatida ishlatishda ayblash – mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan qaror”, deydi Danon.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroilni HAMAS bilan bir ro‘yxatga qo‘yishni ham qabul qilib bo‘lmaydi. Isroilning BMTdagi missiyasi vakili esa Guterrish tashkilot rahbari bo‘lib turgan vaqtda uning ofisi bilan hech qanday aloqa qilmasligini ma’lum qilgan. Isroil Tashqi ishlar vazirligi ham hisobot yuzasidan norozilik bildirgan. Vazirlik vakili Oren Marmorshteyn X’dagi sahifasida BMTni “siyosiylashgan va korrupsiyalashgan tashkilot” deb atagan.
Guterrishning matbuot kotibi Stefan Dyujarrik esa Danonning bayonotlaridan xabardor ekanini aytgan va Bosh kotibning eshigi hamon ochiq ekanligini bildirgan. BMTning ayollar va qizlarga nisbatan zo‘ravonlik bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Rim Alsalem esa Isroilning ro‘yxatga qo‘shilishini “juda kechikkan qaror” deb baholagan.
“Isroil tomonidan falastinlik ayollar, erkaklar va bolalarga qarshi amalga oshirilgan tizimli va dahshatli jinsiy zo‘ravonlik holatlari mustaqil ravishda hujjatlashtirilgan va tasdiqlangan”, deya ta’kidlagan u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Birlashgan Millatlar Tashkiloti Isroil hukumatidan G‘azo sektorida genotsid harakatlariga yo‘l qo‘ymaslikni talab qilgan edi.
Live
Barchasi