Bolalarga zo‘rlik ishlatganlarga jazo kuchaytiriladi – Mirziyoyeva

Jamiyat

image

Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun jazo choralari yanada kuchaytiriladi. Bu haqda O‘zbekiston rahbarining kenja qizi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida yozib qoldirdi. 

“Men zo‘ravonlikni “tasodif” deb hisoblamayman. Bu – har doim kattalarning ongli tanlovidir. Demak, buning o‘rniga boshqa tanlov ham bo‘lishi kerak – uni to‘xtatish tanlovi. Oqlash emas”, deya yozgan Mirziyoyeva. 

Unga ko‘ra, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashabbusi bilan Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga quyidagi yo‘nalishlarda o‘zgartirishlar kiritilishi ustida ish olib borilmoqda:

  • bolalarga ziyon yetkazgan shaxslarga nisbatan jazoni kuchaytirish;
  • zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ygan shaxslarga bolalar bilan ishlash huquqini umrbod taqiqlash;
  • javobgarlikni tez va samarali ta’minlash uchun yagona tartibdagi tezkor protokollarni joriy etish.

Mirziyoyevaning so‘zlariga ko‘ra, bu harakatlarning asosiy maqsadi – zo‘ravonlik qilgan shaxslar jazodan chetda qolmasligi va imkon qadar eng og‘ir jazo choralari qo‘llanilishiga erishishdir.

Qo‘shimcha qilinishicha, ushbu o‘zgartirishlar uchun alohida ishchi guruh ham shakllantirilgan. Ishchi guruh tarkibiga Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi vakillari kiritilgan. Bu guruh amaliy mexanizmlarni ishlab chiqishga kirishib bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatining Angren shahrida voyaga yetmagan 15 yoshli qiz 4 nafar yigit tomonidan zo‘rlangani haqida xabarlar tarqaldgandi. Bolalar ombudsmani ushbu holat yuzasidan joriy yilning 9 may kuni Angren shahar IIB tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani va dastlabki tergov harakatlari davom etayotgani haqida bildirdi. Shuningdek, bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish borasida vakolatli davlat organi sifatida Ijtimoiy himoya milliy agentligi ham mazkur holatni alohida nazoratga olgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shahnoza Mirziyoeva zo'rlik Ijtimoiy himoya milliy agentligi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing