Bostirib kirishmi yo noto‘g‘ri talqin? Shahboz Sharif Putin va Erdo‘g‘anning yopiq uchrashuvini bo‘ldimi?

Olam

image

Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif kecha, 12 dekabr kuni Turkmanistonda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an o‘rtasida bo‘lib o‘tgan yopiq uchrashuvga go‘yo o‘zboshimchalik bilan kirib borgani aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalib, qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ammo bu haqiqatan ham shunday bo‘lganmi? Aslida voqea qanday? Keling, batafsil ko‘rib chiqaylik.

O‘zi nima bo‘ldi?

Shahboz Sharif Turkmanistonda o‘tgan xalqaro tadbir doirasida Vladimir Putin bilan uchrashishi kerak edi. Tadbir Turkmanistonning doimiy betaraflik siyosatini e’lon qilganiga 30 yil to‘lishi munosabati bilan tashkil etilgan edi. Tabiiy gaz zaxiralari bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi o‘rinda turadigan Turkmaniston 1995 yilda, birinchi prezidenti Saparmurat Niyozov davrida, betaraflikni rasmiy davlat siyosati sifatida qabul qilgan.

Anjumanda Rossiya, Turkiya, Eron, Pokiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston rahbarlari ishtirok etgan. “RT India” tarqatgan videoda Shahboz Sharif Pokiston Bosh vaziri o‘rinbosari Ishoq Dar bilan birga qo‘shni xonada Putinni kutib turgani ko‘rinadi. Ammo Putinning Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashuvi 40 daqiqadan ortiq vaqtga cho‘zilib ketgan.

Shundan so‘ng, videoga ko‘ra, Sharif sabrsizlik qilgan holda, Putin va Erdo‘g‘an o‘rtasidagi yopiq uchrashuv o‘tayotgan xonaga kirib borgan. Aytilishicha, u Putin bilan qisqacha bo‘lsa ham muloqot qilishni umid qilgan. Biroq Sharif taxminan 10 daqiqadan so‘ng xonani tark etgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda qattiq tanqid

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari Sharifni keskin tanqid qildi. Izohlar orasida “global sharmandalik”, “Putin qanday o‘ynashni biladi” va “Qanday qilib uni jiddiy qabul qilish mumkin?” kabi fikrlar ham bo‘ldi.

Biroq bu videolarni kim tarqatayotganiga e’tibor qaratsak, bu joriy yilning 5 dekabr kuni Putinning Hindistonga davlat tashrifi doirasida ish boshlagan kanal ekanini payqash mumkin. Tarmoqlarda Shahboz Sharifni tanqid qiluvchi postlar bilan birga, hodisani talqin qilgan RT India'ni, umuman olganda Hindiston mediasini dizinformatsiya va voqeani atayin buzib ko‘rsatishda ayblovchi izohlar ham yo‘q emas.

“Ashxobodda Shahboz Sharif diplomatik mahorat ko‘rsatib, Hindiston tashqi siyosati haqidagi hikoyaning tobutiga so‘nggi mixni urdi. Putindan tortib Erdo‘g‘angacha, global yetakchilar unga yaqinlashdi. Hindiston ommaviy axborot vositalari esa tarafkashlik bilan motam tutmoqda”, deb yozdi tarmoq foydalanuvchilardan biri.

Video tarqalganidan bir necha soat o‘tib, RT India uni o‘chirib tashladi va u “voqealarni noto‘g‘ri talqin qilish” bo‘lishi mumkinligini bildirdi.

“Biz Turkmanistonda o‘tgan “Tinchlik va ishonch” forumida Pokiston bosh vaziri Sharifning Putin bilan uchrashuvni kutayotgani haqidagi avvalgi postni o‘chirdik. U voqealarni noto‘g‘ri aks ettirgan bo‘lishi mumkin”, deb yozdi RT India X (Twitter) tarmog‘ida.

Pokiston ommaviy axborot vositalariga ko‘ra esa, Sharif Putin va Erdo‘g‘an bilan muloqot qilgan hamda ikki tomonlama va mintaqaviy masalalarni muhokama etgan.

Rossiyaning RIA Novosti agentligi esa Rossiya va turkiya delegatsiyalari a’zolari xonani tark etgandan keyin yetakchilar suhbatni tor doirada davom ettirgani, biroz vaqt o‘tgach, Putin bilan uchrashuvni kutib turgan Pokiston Bosh vaziri ham ushbu uchrashuvga qo‘shilganini yozdi. 

Putin va Erdo‘g‘an jami hisobda bir yarim soat davomida muloqot qildi. Uchrashuv yakunlangach, avval Erdo‘g‘an, undan keyin esa Putin Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan bilan birga zaldan chiqdi. Rossiya yetakchisi va Turkiya tashqi ishlar vaziri suhbatlasha turib, chiqish tomon yo‘l oldi.

Islomobod nima deydi?

Pokistonning yuqori lavozimli amaldorlaridan biri hukumat bu voqeani protokol me’yorlariga zid deb hisoblashini aytdi. 

“Ayniqsa, yadroviy davlatni vakillik qilayotgan hukumat rahbari bunday bee’tiborlikka duch kelmasligi kerak”,  dedi u va Moskvaga norozilik hamda xavotir bildirilganini qo‘shimcha qildi.

Rossiya rasmiylari hozirgacha rasmiy bayonot bergani yo‘q. Kremlga yaqin manbalar Putin jadvali “juda zich va o‘zgaruvchan” ekanini, bir vaqtning o‘zida bir nechta ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilayotganini aytgan. Biroq Pokiston buni oddiy kechikish sifatida qabul qilmay, delegatsiyaga hech qanday o‘zgarish haqida xabar berilmagani va vaziyat jadval zichligidan ko‘ra chuqurroq sabablarga ishora qilayotganini ta’kidlamoqda.

Voqeaning ahamiyati uning vaqti bilan ham kuchayadi. Hodisadan bir necha kun oldin Putin Hindistonga keng yoritilgan tashrifni amalga oshirib, Bosh vazir Narendra Modi bilan strategik sheriklikni yana bir bor tasdiqlagan edi. Tahlilchilar tomonidan Nyu-Delhidagi rasmiy ziyofatlar va uzoq muzokaralar Pokiston Bosh vaziriga bo‘lgan munosabat bilan keskin taqqoslanmoqda.

Tarixan Pokiston va Rossiya munosabatlari ehtiyotkor va ko‘pincha murakkab bo‘lib kelgan – bunda “sovuq urush” davridagi bloklar hamda Moskva va Hindiston o‘rtasidagi mudofaa va energetika sohasidagi yaqin aloqalar hal qiluvchi rol o‘ynagan. 

Diplomatiya sohasi mutaxassislari fikricha, Ashxobodda Sharif duch kelgan holat faqat protokol xatosi emas, balki Pokistonning xalqaro ahamiyati o‘zgarib borayotganining belgisidir. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Turkiya Vladimir Putin Rajab Toyib Erdo'g'an Pokiston Turkmaniston Shahboz Sharif

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing