Britaniyada 18 yoshli talaba o‘ldirilishi ortidan xalq oyoqqa turdi (video)

Olam

image

Britaniyaning Sautgempton shahrida politsiyaning beparvoligi tufayli halok bo‘lgan 18 yoshli talaba Genri Novakning o‘ldirilishiga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Namoyish huquq-tartibot idoralari xodimlari bilan zo‘ravonlik to‘qnashuvlariga aylanib ketdi. Bu haqda “Sky News” telekanali xabar berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 2 iyun kuni kechqurun Sautgemptonda Genri Novakning o‘ldirilishi va politsiyachilarning unga nisbatan qilgan munosabatiga norozilik bildirish uchun odamlar to‘plangan. Keyinchalik aksiya to‘qnashuvlarga aylanib ketgan – namoyishchilar huquq-tartibotchilarga qarata shishalar va boshqa buyumlarni uloqtirgan.

Jinoyatchilik va politsiya masalalari bo‘yicha vazir Sara Jons ushbu norozilik namoyishlaridan keyin ikki kishi hibsga olinganini ma’lum qildi: ulardan biri politsiyachiga hujum qilgani, ikkinchisi esa qurol saqlagani uchun ushlangan.

Mulozim ayol ijtimoiy tarmoqlar va dronlardan olingan videoyozuvlar o‘rganib chiqilgach, yangi hibsga olishlar bo‘lishini bildirgan. U, shuningdek, namoyishchilarni vazminlikka chaqirgan.

“Mening fikrimcha, biz buni hurmat qilishimiz, g‘azab va tushkunlikni jilovlashga harakat qilishimiz, adolat o‘z yo‘lidan borishiga qo‘yib berishimiz hamda bundan marhumning oilasi bizdan so‘ragandek foydalanishimiz kerak. Ya’ni, sovuq qurol qo‘llanilgan jinoyatlar epidemiyasiga qarshi kurashish uchun ko‘proq harakat qilishimiz va uning o‘limi yaxshilikka tomon o‘zgarishlarga olib kelishini ta’minlashimiz lozim”, deydi Jons.

Qotillik tafsilotlari va sud hukmi

18 yoshli Genri Novak o‘tgan yilning 4 dekabrida Sautgemptonda vafot etgan edi. Talaba 23 yoshli Vikrum Digva tomonidan yaralangan. Hujum qilgan shaxs 21 santimetrli tig‘ bilan zarba bergan va uning so‘zlariga ko‘ra, u bu qurolni o‘zining sikxizm e’tiqodining bir qismi sifatida yonida olib yurgan.

Digva yarador Novakning yerda yotganini videoga olgan. Politsiya yetib kelganda esa hujum qilgan shaxs ofitserlarga yolg‘on gapirib, Novak uning boshidagi tyurbanini urib tushirganini va uni irqiy kamsitganini da’vo qilgan.

Uning bu bayonotlari politsiyani Novak yerda jon berayotgan bir paytda avval uning qo‘llariga kishan taqishga undagan. Yarador yigit bir necha bor nafas ololmayotganidan shikoyat qilgan. U pichoqlanganini xabar qilishga uringan, biroq politsiyachilardan biri unga: “Bunday deb o‘ylamayman, og‘ayni”, deb javob bergan. Yakunda ofitserlar undan kishanlarni yechib, yurak-o‘pka reanimatsiyasini boshlagan, ammo o‘smir yigit tez orada vafot etgan.

Digva eng kam 21 yil qamoq muddatini o‘tash sharti bilan umrbod ozodlikdan mahrum etilgan. Bu shuni anglatadiki, mahkumda shartli ravishda muddatidan oldin ozodlikka chiqish uchun nazariy imkoniyat eng kamida 21 yildan keyingina paydo bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

Britaniya namoyish Sautgempton

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing