“Bu urush e’lonidir”. Isroil Prezidenti Eronning mamlakatga hujumi haqida gapirdi

Olam

image

Isroil Prezidenti Isxak Gersog Eronning 14 aprelga o‘tar kechasi Isroil hududiga hujumini urush e’lon qilish deb atadi. Bu haqda u Britaniyaning “Sky News” telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

“Tunda bizga Yaqin Sharqning to‘rt tomonidan hujum qilishdi, o‘qqa tutilish Eronning ishonchli vakillari tomonidan amalga oshirildi. Bizni ballistik raketalar bilan otishdi, dron va qanotli raketalardan foydalanildi. Bu haqiqiy urushga o‘xshaydi. Aytmoqchimanki, bu urush e’lonidir”, deydi Isroil rahbari.

Uning iddao qilishicha, Isroil mintaqada tinchlik izlayotganini e’lon qilgan.

Suhbat chog‘ida Isroil Prezidenti Eron hujumiga mamlakatning javobi qanday bo‘lishi mumkinligi haqidagi savolga to‘g‘ridan-to‘g‘ri javob berishdan qochgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil “barcha variantlarni ko‘rib chiqmoqda”.

“Xalqimizni himoya qilish uchun zarur choralarni ko‘rishimizga to‘liq ishonaman. Biz urush qidirmayapmiz”, deya takrorlagan Isxak Gersog.

Eron va Isroil ziddiyatining keskinlashuvi

1 aprel kuni Isroil Damashqdagi Eron konsulligi binosiga havo hujumi uyushtirdi. Hujum oqibatida Eron inqilobi qo‘riqchilari korpusining 7 nafar a’zosi halok bo‘ldi, ulardan ikki nafari general darajasida edi.

Eron Isroilning konsullikka hujumi o‘z hududiga qilingan hujum ekanini va u o‘ch olishini aytdi.

Isroil ham Eron hujumlariga javob berishini e’lon qildi.

14 aprelga o‘tar kechasi Eron Isroilga yuzlab kamikadze dronlari, ballistik va qanotli raketalar bilan hujum uyushtirdi va ba’zi harbiy nishonlarga zarba berilganini aytdi.

Isroil hujumlarning aksariyati havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan to‘xtatilganini bildirdi, biroq bitta raketa mamlakat janubidagi harbiy bazaga tegdi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq CNN telekanali isroillik rasmiyga tayanib, Isroil Eron hujumiga javob berish niyatida ekani, hozirda javob ko‘lami aniqlanayotganini xabar qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Isroil Itsxak Gertsog

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made