Budapesht va Bratislava Kiyevga dizel berishni to‘xtatdi
Olam
−
18 fevral 678 2 daqiqa
Vengriya va Slovakiya Ukrainaga dizel eksportini to‘xtatdi. Sabab – Rossiya neftini Yevropaga yetkazuvchi “Drujba” quvuri orqali yetkazib berish uzilishi. Budapesht Kiyevni neft tranzitini tiklamaslikda ayblamoqda, Bryussel esa ikki davlatning energiya xavfsizligi xavf ostida emasligini bildirgan. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.
Joriy yil 27 yanvardan beri Rossiya nefti Vengriya va Slovakiyaga yetib bormayapti. OAVlarga ko‘ra, quvur Ukraina hududidagi Rossiya zarbasi oqibatida shikastlangan. Vengriya Tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto Kiyev neft oqimini tiklamaganini “siyosiy qaror” deb atagan va dizel eksporti neft tranziti qayta yo‘lga qo‘yilmaguncha tiklanmasligini aytgan.
Slovakiyada ham shunga o‘xshash chora ko‘rilgan. Davlat nazoratidagi “Slovnaft” neft qayta ishlash zavodi dizel eksportni to‘xtatib, ichki bozorni ustuvor deb e’lon qilgan. Hukumat favqulodda zaxiralardan 250 ming tonna neft ajratgan.
Ikki davlat Yevropa komissiyasidan RF neftini Xorvatiya portlari orqali tranzit qilishga ruxsat berishni so‘ragan. Zagreb esa bu sanksiyalarga zid bo‘lishi mumkinligini urg‘ulagan. Yevrokomissiya esa Vengriya va Slovakiyada zaxiralar yetarli ekanini ta’kidlab, ularning energiya xavfsizligiga tahdid yo‘qligini bildirgan.
Bu mojaro Kiyev va Rossiya neftidan hali ham to‘liq voz kechmagan ayrim YeI davlatlari o‘rtasidagi ziddiyatni yana bir bor ochiq namoyon etgan. Ukraina esa qish faslida infratuzilmaga berilgan zarbalar ortidan jiddiy energetik inqirozni boshdan kechirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa davlatlari Rossiyaning “soya floti” tankerlarini musodara qilish imkoniyatini muhokama qilayotgani haqida xabar berilgandi.