Buxoroda 20 yoshli yigitning oshqozonidan 5 to‘g‘nog‘ich va 6 mix olib tashlandi
Salomatlik
−
05 mart 6943 2 daqiqa
Buxoro viloyatida 2005 yilda tug‘ilgan yigitning qornidan 5 dona metalsimon to‘g‘nog‘ich va 6 dona mix olib tashlandi. Bu haqda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filiali xabar berdi.
Qayd etilishicha, markazning Buxoro filialiga 2005 yilda tug‘ilgan bemor ko‘ngil aynishi, epigastral sohasidagi kuchli og‘riq va ovqat o‘tishining qiyinlashishidan shikoyat qilib murojaat qilgan. Yigit 2 kun oldin ko‘p to‘g‘nog‘ich va mix yutganligini bildirgan.
“Bemor psixiatr nazoratida ro‘yxatda turadi”, deya qo‘shimcha qilingan xabarda.
Unga ko‘ra, yigitda o‘tkazilgan rentgenografiya tekshiruvida oshqozon va 12 barmoqli ichakda ko‘p sonli metalsimon yot jismlar, FGDS tekshiruvi orqali oshqozonning pilorik qismida katta egriligida metalsimon ko‘p sonli 2X5 sm li metalsimon to‘g‘nog‘ich va mixlar borligi aniqlangan.
Shundan so‘ng, bemorda zudlik bilan endoskopik amaliyot usuli muvaffaqiyatli bajarilgan.
“Maxsus endoskopik qisqich va maxsus endoskopik ilgaklar yordamida bosqichma-bosqich 5 dona metalsimon to‘g‘nog‘ich va 6 dona mix yot jismlari bemor oshqozoni va 12 barmoqli ichak bo‘shlig‘idan olib tashlandi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, hozirda bemorning ahvoli ijobiy tomonga o‘zgarib, oshqozon ichak traktidagi patalogik muammolar bartaraf qilingani bildirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq farg‘onalik 2 yoshli qizning qornidan 135 ta magnit sharcha olingan edi. Qizaloq magnit sharchalar bilan o‘ynab kelgan va shu jarayonda ulardan ancha-munchasini ichiga yutgan. Vaqt o‘tishi bilan sharchalar qornida yig‘ilib qolgan va uning hayotiga jiddiy xavf solgan. Shifokorlar jarrohlik amaliyoti o‘tkazib, qizaloq qornidagi 135 ta magnit sharchani olib tashlagan.