“Bunyodkor” klubi murabbiyi vafot etdi
Sport
−
23 Sentabr 16438 2 daqiqa
Kecha, 22 sentyabr kuni “Bunyodkor” klubining tojikistonlik yordamchi murabbiyi, sobiq futbolchi Sergey Arslonov vafot etdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Arslonov futbolchilik faoliyatini 1984 yilda Tojikistonning “Paxtakor” (hozirgi “Xatlon”) jamoasi safida boshlagan va 8 ta o‘yin o‘tkazgan. 1986-1987 yillarda u Xabarovskning SKA jamoasida 58 ta uchrashuvda maydonga tushib, bitta gol kiritgan.
1988 yildan u Dushanbening “Pomir” jamoasida to‘p surgan. Klub bilan birgalikda SSSR Birinchi ligasida g‘olib chiqib, 1989 yilda Premer-ligada o‘ynagan. “Pomir” safida u chempionat va kubok bahslarida jami 14 ta o‘yin o‘tkazgan.
1990 yilda Krasnodarning “Kuban” jamoasiga o‘tib, 31 liga uchrashuvida qatnashgan. 1991-1992 yillarda u Namanganning “Navbahor” klubi safida o‘ynab, 42 ta o‘yinda 3 ta gol urgan va jamoa bilan birga O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritgan. 1993 yilda Rossiya chempionatida yana “Kuban” safida 23 ta o‘yinda maydonga tushgan, so‘ngra “Navbahor”ga qaytib, ikki marta O‘zbekiston chempionatida bronza medalini qo‘lga kiritgan hamda 1995 yilda ikkinchi bor mamlakat Kubogini yutgan.
1996 yildan Arslonov “Qizilqum” jamoasida faoliyatini davom ettirgan. Futbolchilikni yakunlagach, murabbiylik faoliyatini boshlagan. Murabbiy sifatida Arslonov “Qizilqum”, “Dinamo Samarqand” va Qirg‘izistonning “Dordoy” jamoalarida faoliyat olib borgan. Sergey Ilyosovich 2008 yilda Ahmad Ubaydullayevning yordamchisi sifatida O‘zbekiston U19 jamoasi bilan Osiyo kubogi va yoshlar o‘rtasidagi 2009 yilgi jahon chempionatidagi ishtiroki bilan nom qozongan. Mutaxassis so‘nggi yillarda “Bunyodkor” klubi murabbiylar shtabida faoliyat yuritayogan edi.