“Centrum-Air” bir o‘ringa ikki chipta sotdi. Yo‘lovchilar samolyotga sig‘madi
Jamiyat
−
19 dekabr 3372 2 daqiqa
O‘zbekistondagi “Centrum-Air” xususiy aviakompaniyasi bir o‘ringa ikki chipta sotganligi aniqlandi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, qo‘mitaning Namangan viloyati hududiy boshqarmasiga aviakompaniya faoliyati yuzasidan fuqarolardan e’tirozli murojaat kelib tushgan. Fuqaro 2025 yil 26 sentyabr kuni “Centrum-Air” aviakompaniyasining rasmiy sayti orqali Istanbul-Namangan yo‘nalishi uchun ikki nafar yo‘lovchiga aviachipta sotib olgan. Biroq aviakompaniya tomonidan ortiqcha chipta sotilgani sababli u va turmush o‘rtog‘i samolyotga sig‘magan hamda Istanbul aeroportida qolib ketgan.
Bir sutkadan so‘ng yo‘lovchilarga majburiy tarzda Istanbul–Toshkent reysi orqali qaytish taklif etilgan va ular ushbu reysda parvoz qilishgan. Yuzaga kelgan holatdan norozi bo‘lgan fuqaro o‘z iste’molchilik huquqlarini tiklash maqsadida Raqobat qo‘mitasining hududiy boshqarmasiga murojaat qilgan.
O‘rganishlar jarayonida “Centrum-Air” ushbu noqulaylik aviakompaniya xatosi tufayli yuzaga kelganini tan olgan hamda fuqaro bilan kelishilgan holda qator kompensatsiya va imtiyozlar taqdim etilganini bildirdi.
Jumladan, fuqaroga:
- 500 yevro miqdorida kompensatsiya;
- 865 ming 200 so‘m qo‘shimcha pullik tovon;
- aviakompaniyaning istalgan yo‘nalishiga keyingi safar uchun 20 foiz chegirma beruvchi promokod;
- 23 kilogramm qo‘shimcha bepul bagaj, shuningdek, parvoz vaqtida samolyotning birinchi qatoridagi joylardan bepul foydalanish imkoniyati berilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq qanday hollarda aviakompaniya yo‘lovchilarga kompensatsiya to‘lashi haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi