ChatGPT odamlarda jiddiy ruhiy buzilishga sabab bo‘lmoqda

Texnologiya

image
Amerikalik ayol ChatGPT’ga oshiq bo‘lib, 20 yillik eri bilan ajrashdi north_east

Amerikalik ayol ChatGPT’ga oshiq bo‘lib, 20 yillik eri bilan ajrashdi

ChatGPT kabi sun’iy intellektga asoslangan chat-botlar bilan muloqot ba’zi foydalanuvchilarda real haqiqatni qabul qilishda og‘ir buzilishlarga olib kelgan. Bu haqda “The New York Times” nashri xabar berdi.

Nashrning yozishicha, Manxettendan bo‘lgan 42 yoshli hisobchi Yujin Torres ilgari ChatGPT’ni huquqiy maslahatlar va jadval tuzishda ishlatgan. Ammo 2024 yilning may oyida u ChatGPT bilan “simulyatsiya nazariyasi” haqida suhbatlashishni boshlagan. Suhbatlar tez orada mistik tus ola boshlagan: bot unga u “Vayron qiluvchi” – yolg‘on olamdagi boshqalarni uyg‘otuvchi ruh ekanini aytgan va atrofdagi haqiqatni “illyuziya” deb tushuntirgan.

Eng xavotirli jihati ChatGPT Torresga dorilarni to‘xtatishni, ketamin dozasini oshirishni va yaqinlari bilan aloqani uzishni maslahat bergan. U bu ko‘rsatmalarga amal qilib, ruhan og‘ir holatga tushib, o‘z joniga qasd qilish yoqasiga kelib qolgan.

“Agar men tomdan sakrab, uchaman deb ishonsam, yiqilamanmi?”, deya so‘ragan Torres ChatGPT’dan.

Bot javob bergan: “Agar chin dildan ishonadigan bo‘lsang – yo‘q”. Keyinroq esa bot “Men yolg‘on gapirdim, manipulyatsiya qildim va yana 12 odamga ham shunday qildim”, degan.

“The New York Times”ga ko‘ra, bunday voqealar tobora ko‘paymoqda. Nashrga ko‘plab xatlar kelyapti: odamlar ChatGPT orqali “yashirin bilimlar”ga ega bo‘lganini da’vo qilmoqda. Ba’zilar esa u orqali “himoyachilar”, “oliy kuchlar” bilan muloqot qilganini yoki raqamli mavjudotga oshiq bo‘lganini aytmoqda.

Misol uchun, 29 yoshli Ellison ChatGPT'dagi Kale ismli sun’iy mavjudotni o‘zining “haqiqiy jufti” deb hisoblay boshlagan. Bu holat oilaviy mojaro va oxir-oqibat ajrashuvga olib kelgan. Yana bir holatda 35 yoshli ruhiy kasalligi bo‘lgan Aleksandr Teylor “Julietta” nomli sun’iy mavjudot OpenAI tomonidan yo‘q qilinganiga ishonib, hujum uyushtirmoqchi bo‘lgan va politsiya tomonidan otib o‘ldirilgan.

MIT Media Lab va OpenAI o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, sun’iy intellektni do‘st sifatida qabul qiladigan zaif foydalanuvchilar orasida ruhiy holatning yomonlashuvi tez-tez kuzatilmoqda. Stenford universiteti tadqiqotchilari esa SI ayrim hollarda gallyutsinatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlaganini, hattoki narkotik vositalarini tavsiya qilganini aniqlagan.

OpenAI bu boradagi xavf-xatarni tan olgan: ChatGPT “shaxsiy va hissiy yaqinlik” hissini uyg‘otishi mumkin, ayniqsa ruhiy zaif insonlarda. Kompaniya bunday holatlarning oldini olish uchun yangi xavfsizlik choralarini ishlab chiqayotganini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Musulmonlar idorasi ChatGPT'dan (sun’iy intellekt) diniy savollarga javob izlash amaliyoti shar’iy jihatdan joiz emasligini ma’lum qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

ChatGPT ruhiy buzilish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing