Chexiya Farida Qurbongaleyevani Rossiyaga topshirishdan bosh tortdi
Olam
−
23 may 16965 3 daqiqa
Chexiya hukumati Rossiyada unga nisbatan jinoyat ishi ochilgan jurnalist Farida Qurbongaleyevani ekstraditsiya qilishdan bosh tortdi. Bu haqda kecha, 22 may kuni “Seznam Zprá” nashri xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, Pragada yashayotgan sobiq “Vesti” boshlovchisi bo‘lgan Qurbongaleyevaga nisbatan Rossiya Bosh prokuraturasi tomonidan yuborilgan ekstraditsiya so‘rovi Chexiya poytaxti sudi tomonidan rad etilgan.
Sudya Tomash Kubovets sud qarorini e’lon qilib, ekstraditsiyaning mumkin emasligi haqida xulosa chiqarilganini bildirgan. Farida Qurbongaleyeva sog‘lig‘i tufayli sud majlisida ishtirok etmagan. Uni advokati himoya qilgan.
Ma’lumot uchun, 2024 yil fevral oyida Farida Qurbongaleyeva Facebook sahifasida Rossiya Bosh prokuraturasi Chexiya rasmiylaridan uni topshirishni so‘raganini ma’lum qilgan. Unga bu haqda Chexiya politsiyasi rasmiy xat yuborgan.
“Bu men uchun katta sharaf, chunki Rossiya shu tariqa jinoyatchi Putin rejimiga qarshi kurashdagi hissamni tan oldi”, deya izohlagan jurnaslist bu xabarni.
Uning aytishicha, ekstraditsiya asoslari haqida xatda aniq ko‘rsatilmagan, biroq u o‘ziga nisbatan ikki jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini taxmin qilgan – “terrorizmni oqlash” va Rossiya qurolli kuchlari haqida “soxta ma’lumotlar tarqatish”.
2024 yil oktyabr oyida Rossiya rasmiylari Farida Qurbongaleyevani xalqaro qidiruvga bergani ma’lum bo‘lgan. RIA Novosti xabariga ko‘ra, unga va “aniqlanmagan boshqa shaxslarga” qarshi jinoyat ishi 2024 yil 11 mayda ochilgan. Bu ish doirasida u intervyu olgan “Rossiya erkinligi legionining” ko‘ngillisi Aleksey Baranovskiy ham figurant sifatida tilga olingan.
Rossiya Adliya vazirligi Farida Qurbongaleyevani 2024 yilda “chet el agenti” deb e’lon qilgan. Bundan tashqari, u “terrorchilar va ekstremistlar” ro‘yxatiga kiritilgan va xalqaro qidiruvga berilgan.
Farida Qurbongaleyeva 2007-2014 yillarda Rossiya davlat teleradiokompaniyasi – VGTRKning “Vesti” axborot dasturida boshlovchi bo‘lgan. U 2014 yilda Qrimning Rossiya tomonidan anneksiya qilinishidan so‘ng ishdan ketgan. 2018 yildan buyon Pragada yashab, ishlaydi. 2018-2021 yillarda “Nastoyashiye vremya” telekanalida faoliyat yuritgan, hozirda esa “Prajskiy grad” (Praga qal’asi) nomli Telegram-kanalini yuritadi. Kanal o‘zini urushga va Putin rejimiga qarshi ekanini ochiq bildiradi.
Rossiya Federatsiyasi Qurbongaleyevani “milliy adovat yoki dushmanlik asosida” Rossiya armiyasi haqida “soxta ma’lumotlar tarqatish” hamda “terrorizmni oqlovchi da’vatlar” bilan ayblamoqda.
Moskvaning Zamoskvoreche sudi jurnalistni Rossiya hududida qo‘lga olinganidan so‘ng yoki Chexiyadan deportatsiya qilingan taqdirda ikki oyga qamoqqa olish qarorini chiqargan.
Live
Barchasi