Chexiya Prezidenti Rossiya samolyotlarini urib tushirishga chaqirdi
Olam
−
21 Sentabr 10018 3 daqiqa
Chexiya Prezidenti Petr Pavel Rossiya kuchlari tomonidan havo hududi buzilgan mamlakatlarga Rossiya samolyotlarini urib tushirishni maslahat berdi. Davlat rahbarining bu haqdagi so‘zlarini “Novinky” nashri keltirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, NATO davlatlari havo hududining buzilishi Yevropadagi keskinlikni jiddiy darajada oshirmoqda. Unga ko‘ra, bunday harakatlarga nisbatan tegishli tarzda javob berish zarur, jumladan, zarur bo‘lsa, Rossiya samolyotlarini urib tushirish imkoniyati ham mavjud. Pavelning ta’kidlashicha, yovuzlikka yo‘l berib, bir chekkada chekinib yotish mumkin emas.
“NATO tegishli javob choralarini ko‘rishi kerak. Shu jumladan, harbiy choralarni ham. Rossiya juda tezda shuni anglab yetadi: ular xato qildi va ruxsat etib bo‘lmaydigan chegaradan oshib o‘tdi. Afsuski, bu urush chegarasida muvozanat saqlashni talab qiladi. Biroq yovuzlikdan chekinish mumkin emas”, degan Petr Pavel.
Prezidentning urg‘ulashicha, havo hududining buzilishi samolyotlarni urib tushirishga asos bo‘la oladi.
“Bunday buzilishlar mudofaa mexanizmlarini ishga tushirishga asos bo‘ladi, bu esa samolyotni urib tushirishni ham o‘z ichiga oladi. Buni na biz, na Rossiya tomoni istamagan”, deya qo‘shimcha qilgan Prezident.
Qayd etish joiz, so‘nggi vaqtlarda Rossiya chegaralarni chetlab o‘tib, boshqa mamlakatlarning havo hududlarida o‘z dronlarini bemalol harakatlantirmoqda. Masalan, 19 sentyabr kuni Rossiyaga tegishli uchta MiG-31 qiruvchi samolyoti Estoniya havo hududini buzdi. Ular 12 daqiqa davomida Estoniya ustida bo‘ldi va NATOga tegishli patrul samolyotlari ularni hududdan chiqarib yubordi. Estoniya bu holat yuzasidan NATOga Shimoliy Atlantika shartnomasining 4-moddasiga ko‘ra, maslahatlashuv chaqirishni so‘radi.
Estoniya Tashqi ishlar vazirligi bu voqeani: “Moskvaning navbatdagi provokatsiyasi va keskinlikni kuchaytirish harakati”, deb atadi.
“Rossiyaga yagona murojaatimiz bor: chegaralaringiz qayerda tugashini biling, Ukrainadan chiqing va sabr-toqatimizni sinamang”, deyiladi mamlakat TIV xabarida.
Rossiya Mudofaa vazirligi esa bu voqea yuzasidan bayonot berib, hech qanday chegara buzilishi bo‘lmaganini bildirgan.
Rossiya Estoniyadan tashqari Polshaning havo hududiga ham kirib bordi. 10 sentyabrga o‘tar kechasi Rossiyaning kamida 19 ta droni Polsha chegarasini kesib o‘tgandi, ularning katta qismi Belarusdan kelib chiqqan. Polsha samolyotlaridan tashqari boshqa NATO davlatlarining qiruvchi samolyotlari dronlarni tutib olish uchun joylashtirildi. Varshava Rossiya ataylab Polshaga hujum qilganini va Shimoliy Atlantika shartnomasining 4-moddasiga muvofiq NATO ittifoqchilari bilan maslahatlashishni so‘raganini bildirgan. Rossiya esa hamma ayblovni Ukrainaga ag‘dargan.
Ma’lumot uchun, Shimoliy Atlantika shartnomasining 4-moddasiga ko‘ra, NATO a’zosi bo‘lgan davlatlardan birortasi o‘z xavfsizligiga, hududiy yaxlitligiga yoki siyosiy mustaqilligiga tahdid sezsa, u holda boshqa a’zolar bilan maslahatlashuv chaqirish imkonini beradi.
Bu modda harbiy javobni bildirmaydi (bu 5-modda bilan bog‘liq), balki bu birinchi siyosiy maslahat bosqichi bo‘lib, muammo bo‘yicha barcha a’zolar birgalikda muhokama olib boradi.
Live
Barchasi