Chet tili sertifikatiga ega yoshlarga yangi imtiyozlar beriladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda B2 darajaga erishgan yoshlar uchun xorijiy pasport rasmiylashtirish uchun boj, C1 daraja va tadbirkorlik tashabbuslari uchun ayrim davlat xizmatlari to‘lovlar 50 foizgacha kamaytirilishi mumkin. Bu haqda bugun, 20 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan “Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030” strategiyasi loyihasida so‘z boradi.

Qayd etilishicha, bu mamlakatda yoshlarga oid qabul qilinayotgan birinchi yaxlit strategiya bo‘lib, Yangi O‘zbekistonni barpo etishda yoshlarning o‘rni va salohiyatini yanada to‘liq ro‘yobga chiqarishga qaratilgan.

Bugungi kunda O‘zbekiston aholisi 38 million nafarni tashkil etayotgan bo‘lsa, shundan 9,5 millioni yoki qariyb 25 foizi 14-30 yoshdagi yigit-qizlardir. Har yili 270 mingta yosh oila shakllanmoqda. Ana shu demografik omil yoshlar siyosatiga uzoq muddatli va tizimli yondashuvni talab etmoqda.

Strategiyada yoshlar bandligini ta’minlash va tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, sifatli va inklyuziv ta’limni rivojlantirish, xorijiy tillarni ommalashtirish va kasbiy ta’limni kengaytirish, mehnat bozorini rag‘batlantirish hamda yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, madaniy, jismoniy va ma’rifiy rivojlanishni kuchaytirish, volontyorlik harakatini keng yoyish, yoshlar salomatligini mustahkamlash, shuningdek, ochiqlik va ishtirok mexanizmlarini kengaytirish kabi ustuvor yo‘nalishlar belgilangan.

Taqdimotda 2030 yilga qadar erishilishi lozim bo‘lgan asosiy maqsadli ko‘rsatkichlar ko‘rib chiqilgan. Xususan, har yili 600 ming nafar yoshning bandligini ta’minlash, 2030 yilga qadar 900 ming yoshni volontyorlikka jalb etish, o‘quv markazlari sonini 90 mingtaga yetkazish, 450 ming nafar yoshning xorijiy tillar bo‘yicha bilimini B2 darajasiga olib chiqish, yoshlar jinoyatchiligini kamaytirish, har yili kamida 10 mingta yosh oilani ipoteka orqali qo‘llab-quvvatlash kabi vazifalar nazarda tutilgan. Ta’lim sohasida yoshlarning sifatli bilim olishi, nodavlat ta’lim xizmatlarini qo‘llab-quvvatlash, chekka hududlarda o‘quv markazlari imkoniyatlarini kengaytirish, xorijiy tillarni o‘rganishni rag‘batlantirish bo‘yicha yangi imtiyozlar nazarda tutilgan.

Jumladan, olis va chekka hududlarda o‘quv markazlarini tashkil etishga 300 million so‘mgacha ssuda ajratish, ular uchun ijtimoiy soliqni va o‘qituvchilarining daromad solig‘ini 1 foiz etib belgilash taklif etilgan. Shuningdek, B2 darajaga erishgan yoshlar uchun xorijiy pasport rasmiylashtirish uchun bojni, C1 daraja va tadbirkorlik tashabbuslari uchun ayrim davlat xizmatlari to‘lovlarini 50 foizgacha kamaytirish taklif qilinmoqda.

Davlat rahbari yoshlar masalasiga doir barcha tashabbus va choralar, eng avvalo, yosh avlodning bilimli, sog‘lom, tashabbuskor va vatanparvar bo‘lib kamol topishiga, ularning hayotda munosib o‘rin egallashiga xizmat qilishi zarurligini ta’kidlagan. Strategiyani samarali amalga oshirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berilgan.


Maqola muallifi

Teglar

imtiyoz Chet tili sertifikati B2 daraja Yangi O'zbekiston yoshlari – 2030

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing