Chorvoqda qurilayotgan “Sea Breeze Uzbekistan” bo‘yicha hukumat qarori chiqdi

Jamiyat

image

Ozarbayjonlik xonanda va ishbilarmon Emin Agalarov tomonidan Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani hududida Chorvoq suv ombori bo‘yida qurilishi rejalashtirilayotgan “Sea Breeze Uzbekistan” xalqaro turizm markazi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori joriy yilning 1 avgust kuni qabul qilindi. Qaror matni Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasiga joylashtirildi.

Unga ko‘ra, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani hududidagi 577 gektar yer uchastkasining Bo‘stonliq tumani hokimligi tasarrufiga qaytarilgan va bo‘sh turgan yer uchastkasi sifatida hisobga olingan qismlari, yer uchastkalarining toifasi o‘zgartirilganidan so‘ng “Agalarov Development” MCHJ (Ozarbayjon) ishtirokidagi “Sea Breeze Uzbekistan” MCHJga ijara muddati tugagandan keyin yangi muddatga uzaytirish bo‘yicha ustuvor xuquq bilan 25 yilga to‘g‘ridan to‘g‘ri ijaraga beriladi. U yerda 2025-2035 yillarda qiymati 5 mlrd AQSH dollarini tashkil etadigan umummavsumiy kurort majmuasi barpo etiladi.

Qarorda “Sea Breeze Uzbekistan”ga bir qator majburiyatlar yuklatildi. Ya’ni MCHJ loyihani ekologik talablarga rioya qilgan holda amalga oshirishi, shu jumladan, loyihani amalga oshirish davrida va loyiha ishga tushgandan keyin chiqindi hamda oqova suvlarning Chorvoq suv ombori va Chirchiq daryosiga tashlanishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak. Agar bunga rioya qilinmasa, loyiha to‘xtatiladi va kompaniyaning yerga bo‘lgan ijara huquqi bekor qilinadi.

Shuningdek, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda loyihani amalga oshirishda suvni muhofaza qilish zonalari va sohilbo‘yi mintaqasiga qo‘yilgan talablarga rioya qilinishi, muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar, suvni muhofaza qilish va sanitariya zonalarida qurilish ishlarini olib bormaslik bo‘yicha qat’iy nazorat o‘rnatishi lozim. Qurilish ortidan buzilishi mumkin bo‘lgan dacha va boshqa xususiy mulk egalariga kompensatsiya to‘lab beriladi.

Shu bilan birga, 1 oy ichida Agalarovning ushbu loyihasi quriladigan hududda qad rostlagan daraxtlar xatlovdan o‘tkaziladi va qurilishosti hududlariga to‘g‘ri kelayotgan daraxtlar qimmatbaho, kam qimmatli va nobud bo‘lgan toifalarga ajratiladi. Qimmatbaho daraxtlar umummavsumiy kurort barpo etish loyihasiga asosan tashkil etilayotgan yashil zonalarga yoki o‘rmon fondining boshqa yerlariga ko‘chiriladi. Kam qimmatli daraxtlar boshqa hududga ko‘chiriladi yoki tashkilot tomonidan daraxt kesilsa, to‘lovni amalga oshirmasdan bir tup kesilgan daraxt o‘rniga MCHJ kompensatsiya sifatida tuproq-iqlim sharoitiga mos 5-7 yillik 10 tup ko‘chat ekishi shart. Nobud bo‘lgan daraxtlarni esa belgilangan tartibda kesishga ruxsat beriladi. Ularni nazorat qilish uchun Ekologiya vazirligi mas’uldir.

Ma’lumot uchun, Emin Agalarov Chorvoq suv ombori bo‘yida “Sea Breeze Uzbekistan” xalqaro turizm markazi barpo etish istagini o‘tgan yili bildirgan. U joriy yil 14 aprel kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga xalqaro turizm markazining master-rejasini taqdim qilgan


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon Bo'stonliq tumani Emin Agalarov Sea Breeze Uzbekistan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing