Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi hamda “El-yurt umidi” jamg‘armasiga rahbarlar tayinlandi
Jamiyat
−
05 may 11357 2 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmonlari bilan Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi rektori va Istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha "El-yurt umidi" jamg‘armasi ijrochi direktori tayinlandi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Tegishli farmonlarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi ijrochi direktori lavozimiga Gulnoza Saydig‘anixo‘jayevna Ismoilova, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi rektori lavozimiga esa Jasur Shavkatovich Solihov tayinlangan.
Ma’lumot uchun, Jasur Solihov 1976 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (bakalavr)ni tamomlagan. U 2014 yildan 2023 yil boshiga qadar Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti rektori sifatida faoliyat yuritgan. 2023 yil 24 iyuldan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti ("Green University") rektori lavozimiga Salixov Jasur Shavkatovich tayinlangan.
Gulnoza Ismoilova esa shu paytgacha Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 5 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan istiqbolli kadrlarni maqsadli tayyorlash va mutaxassislarning xorijda ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlashga oid takliflar taqdimotida “El-yurt umidi” jamg‘armasini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi etib, Davlat boshqaruvi akademiyasini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi etib qayta tashkil etilishi ma’lum qilingandi.
Live
Barchasi