Davlat to‘ntarishiga urinish: Ozarbayjonda amaldorlarga og‘ir ayblovlar qo‘yildi

Olam

image

Ozarbayjonda davlatga xiyonat, davlat hokimiyatini zo‘rlik bilan egallab olishga qaratilgan harakatlar va boshqa qator ayblovlar bilan hibsga olingan Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining sobiq rahbari, 87 yoshli “kulrang kardinal” Ramiz Mehdiyev, Ozarbayjon Xalq fronti partiyasi raisi Ali Karimli Ozarbayjon Respublikasi Bosh vazirining sobiq birinchi o‘rinbosari Abbos Abbosov va boshqa shaxslarga oid jinoyat ishi tafsilotlari oshkor qilindi. Bu haqda Ozarbayjon Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, xorijiy maxsus xizmat organlarining Ozarbayjon xavfsizligi, milliy manfaat va o‘zligiga qarshi olib borgan buzg‘unchi faoliyatining oldini olish maqsadida Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan amalga oshirilgan kompleks tadbirlar natijasida Ramiz Anvar o‘g‘li Mehdiyev, Abbos Oydin o‘g‘li Abbosov, Ali Amirhusayn o‘g‘li Karimli va boshqalarning hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallash hamda davlatning konstitutsiyaviy tuzumini zo‘rlik bilan o‘zgartirishga qaratilgan harakatlar sodir etganiga asosli shubhalar yuzaga kelgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha ayblanuvchilarga qo‘yilgan ayblovga ko‘ra, xorijiy davlatning maxsus xizmat organlari tomonidan Ozarbayjondagi siyosiy jarayonlarga aralashish maqsadida tuzilgan va 2012 yil 4 iyul kuni xorijda “Rossiya-Ozarbayjon tashkilotlari ittifoqi” nomi bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan, “Milliarderlar ittifoqi” deb atalgan tashkilotning muassislari va rahbarlari bo‘lgan Abbos Abbosov  va Rustam Ibrohimboyev, shuningdek  Ramiz Mehdiyev, Ali Karimli, Ozarbayjon Xalq fronti partiyasi a’zolari – Fuad Qahramonli, G‘animat Zayidov va boshqalar davlat hokimiyatini zo‘rlik bilan egallash hamda amaldagi konstitutsiyaviy tuzumni zo‘ravonlik bilan o‘zgartirish bo‘yicha til biriktirgan.

Ta’kidlanishicha, ular 2013 yilgi prezident saylovlarida xorijiy davlat fuqarosi Rustam Ibrohimboyev nomzodini ilgari surgan “Demokratik kuchlar milliy kengashi”ni tuzgach, xorijiy maxsus xizmatlarning moliyaviy va tashkiliy ko‘magida ommaviy tartibsizliklar uyushtirish, hokimiyat vakillarining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik, jamoat tartibi va muassasalar faoliyatini izdan chiqarishga qaratilgan harakatlar olib borgan. Bu maqsadlar uchun 933 828 manat (549 mln 310 ming dollar) miqdoridagi mablag‘, jumladan, Ramiz Mehdiyev va Abbos Abbosovdan olingan moliyaviy vositalar sarflangani aytiladi. 

Materiallarga ilova qilingan texnik dalillarga ko‘ra, “Milliarderlar ittifoqi” a’zolariga 2013 yilgi saylovlar paytida xorijda yashayotgan va ularning ta’siri ostidagi Ozarbayjon fuqarolarini mamlakatga yuborish, ularning qarindoshlarini jalb etish va miting hamda tartibsizliklarda foydalanish bo‘yicha topshiriqlar berilgan.

Shuningdek, “Milliy kengash” 2013 yilda tegishli xorijiy davlat rahbariyatiga maxfiy maktub yo‘llab, faoliyatini qo‘llab-quvvatlashni so‘ragani va Ozarbayjonga bosim o‘tkazishni taklif qilgani qayd etilgan.

Ayblovga ko‘ra, G‘animat Zayidov 2013 yil boshidan Ali Karimli nomidan xorijiy maxsus xizmat vakillari bilan yashirin muzokaralar olib borgan, Karimlini hokimiyatga olib kelish uchun tashkiliy yordam so‘ragan va evaziga xorijiy davlatning strategik manfaatlari ta’minlanishini va’da qilgan.

Bundan tashqari, Ali Karimli 2020 yil iyul oyida Bakuda o‘tkazilgan yurish chog‘ida tartibsizliklar uyushtirish, parlament va televideniye binolarini egallash hamda hokimiyatni egallashni e’lon qilish bo‘yicha topshiriqlar bergani bildirilgan.

Ma’lumotga ko‘ra, Ramiz Mehdiyev 2025 yil avgust-sentyabr oylarida “Davlat boshqaruv tizimini qayta qurish bo‘yicha takliflar” nomli hujjat tayyorlab, uni Rossiya maxsus xizmat vakillariga yetkazgan. Bu harakatlar davlatga xiyonat va konstitutsion tuzumni zo‘rlik bilan o‘zgartirishga qaratilgan deb baholangan.

Shuningdek, u 2025 yil 13 oktyabrgacha bo‘lgan davrda jinoyat yo‘li bilan olingan 17 million manatdan ortiq mablag‘ni legallashtirgani aytiladi.

Mazkur ish doirasida bir qator shaxslar Ozarbayjon Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan javobgarlikka tortilgan. Ayrim shaxslar mamlakat hududidan tashqarida bo‘lgani sababli qidiruvga berilgan va sud tomonidan sirtdan qamoq ehtiyot chorasi tanlangan. Jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mehdiyevning davlat to‘ntarishi rejasi 2025 yilning 9 oktyabr kuni Dushanbedagi sammitda Rossiya tomonidan Ilhom Aliyevga fosh qilingani o‘rtaga chiqqan edi. Unga nisbatan tanlangan uy qamog‘i ehtiyot chorasi muddati 4 oyga uzaytirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon Prezident Administratsiyasi davlatga xiyonat Davlat to'ntarishi Ramiz Mehdiev Ali Karimli Xalq fronti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing