Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Hajga borayotganlarni ogohlantirdi

Jamiyat

image

Ayrim turistik agentliklar umra vizasi, turistik (ziyorat) viza, biznes viza bilan Haj ziyoratini amalga oshirishga va’da qilmoqda. Ammo Saudiya Arabistonida Haj amallarini bajarish uchun faqatgina “Haj-2024” vizasi talab etiladi. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ogohlantirish bilan chiqdi.

Qayd etilishicha, Saudiya Arabistoni Podshohligi tomonidan belgilangan tartibga muvofiq, chet el fuqarolari uchun Haj ibodatini ado etishning asosiy sharti Haj vizasiga ega bo‘lish hisoblanadi. Qolgan barcha turdagi vizalar (umra, turizm, biznes, ziyorat va boshqalar) bilan Haj tadbirini amalga oshirish Saudiya qonunchiligiga ko‘ra qat’iyan taqiqlangan va tegishli tartibda jazolanadi.

Shuningdek, O‘zbekiston uchun ajratilgan haj kvotasi faqatgina Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan tashkil etiladigan Haj safariga otlangan ziyoratchilarga ajratilgan.

“Muborak safarlarga noqonuniy yo‘llar bilan borishga intilish 6 oy qamoq jazosi, Saudiya Arabistonidan deport qilish va Saudiya Arabistoniga har qanday viza bilan 10 yil muddatga kirishni taqiqlash hamda 100 ming Saudiya riyoli (26 ming AQSH dollari) miqdorida jarima solishga olib keladi”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Umra ziyoratini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq faoliyat uchun litsenziya turi joriy etilishi mumkinligi haqida ma’lum qilingandi.
Saudiya Arabistoni podshohligining Haj va Umra vazirligi esa Haj ziyoratini ado etish niyatida bo‘lganlarni turli mamlakatlardagi ijtimoiy media platformalarida reklama qilingan uydirma kompaniyalar qurboni bo‘lish xavfidan ogohlantirdi.


Rayhona Ulkanbayeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Saudiya Arabistoni Haj

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made