DXX raisi korrupsiyani yo‘qotish masalasida Prezidentga va’da berdi

Jamiyat

image

2025 yilda O‘zbekistonda davlat idoralarining 1083 nafar xodimi korrupsiyada ayblanib lavozimidan ozod etildi, ulardan 661 nafari jinoiy javobgarlikka tortildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati raisi general-polkovnik Bahodir Qurbonov joriy yilning 13 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan Xavfsizlik kengashining mamlakat harbiy xavfsizligi va mudofaasini mustahkamlash masalalari bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilishida so‘z ochdi. 

“Korrupsiya tahdidini bartaraf etish yo‘nalishida nazorat va huquq-tartibot idoralari hamda boshqa davlat tuzilmalarida mansab vakolatini suiiste’mol qilish, poraxo‘rlik, ta’magirlik qilish va boshqa turdagi korrupsion jinoyatlariga qo‘l urish holatlari hamon saqlanib qolmoqda. O‘tgan yilda davlat idoralarining korrupsiya va boshqa jinoyatlariga aloqador bo‘lgan 1083 nafar xodimlari tizimdan chetlatildi. 661 tasi jinoiy javobgarlikka tortilib sudlandi”, deydi general-polkovnik Qurbonov.  

Uning qayd etishicha, davlat idoralari, tashkilotlari va muassasalarida maishiy korrupsiya holatlari hamon davom etmoqda. Bunga asosan korrupsion xavf-xatarlar mavjud bo‘lgan munosabatlarda inson omili yuqoriligi va raqamlashtirish keng joriy etilmaganligi salbiy tasir ko‘rsatmoqda.  

DXX raisi 2026 yilda asosiy e’tiborni korrupsion xavf-xatarlar mavjud funksiya va munosabatlarni raqamlashtirishga, huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etishga, aholining huquqiy ongini oshirish va ularda korrupsiyaga toqatsiz munosabatni shakllantirishga oid amaliy va targ‘ibot tadbirlarini tashkil etishga qaratishga va’da berdi. 

Ma’lumot uchun, 2025 yil boshida e’lon qilingan "Korrupsiyani qabul qilish indeksi" (2024 yil yakunlari bo‘yicha) natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston o‘z pozitsiyasini o‘zgartirmagan holda, 180 davlat ichida 121-o‘rinni egallagan. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2025 yilning 26 dekabr kuni Oliy Majlis palatalariga yo‘llagan Murojaatnomasida 2026 yil mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha favqulodda yil bo‘lishini aytgan edi. Bu masalada davlat amaldorlariga alohida murojaat qilgan davlat rahbari, ularni quyidagicha ogohlantirgan. 

“Lavozimim, unvonim bor, menga hech kim tegmaydi”, deganlar adashadi. Qonun oldida hamma teng! Xavfsizlik xizmati, ichki ishlar, prokuratura, soliq, bojxona, moliya, bank, yirik davlat kompaniyalari, vazirlik va hokimliklar, bir so‘z bilan aytganda, birorta idora va tashkilot nazoratdan chetda qolmaydi. Komplayens xizmatining faoliyatiga to‘sqinlik qilganlar korrupsiyaga sherik deb baholanadi va javobgarlik shunga mos holda bo‘ladi”.

Prezident 1 yanvardan e’tiboran barcha idoralarda komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazoratga mas’ul o‘rinbosar lavozimi joriy etilishi, Hisob palatasining vakili faoliyati yo‘lga qo‘yilishi, ushbu rahbarlar – tizimdagi nopok shaxslarni aniqlash, shuningdek, byudjet mablag‘i talon-toroj bo‘lishi va mansabni suiiste’mol qilish holatlarini oldini olish bo‘yicha ta’sirchan nazorat o‘rnatishi hamda Prezident oldida hisobot berishini aytgandi. 

O‘zbekiston Hukumat korrupsiyaga qarshi kurashga har qancha bel bog‘lab, ijtimoiy tarmoqlar va telekanallarda poraxo‘rlar sazoyi qilinishiga qaramay, odamlar kundalik hayotida va ijtimoiy munosabatlarda korrupsiya kamaymayotganidan yozg‘iradi. 

Qonundan darak yo‘q!

Prezident Farmoni bilan 2022 yil 1 yanvardan boshlab, davlat xizmatchilari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlar, davlat korxonalari va muassasalari rahbarlari, o‘rinbosarlari, ularning turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulkini majburiy deklaratsiya qilish tizimi ham joriy etilishi belgilangandi. Ha deganda endi kattalarning mol-mulki xatlovdan o‘tkaziladi. Nafaqat o‘zi, balki qarindoshlari ham boyib ketolmaydi, deyishdi.

Biroq, haligacha bu qonundan darak yo‘q. “Davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi kerak edi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining QALAMPIR.UZ'ga bergan ma’lumotiga ko‘ra, 2021 yilning avgust-sentyabr oylarida qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, DXX, IIV, DSQ, Oliy sud, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi va Markaziy banki bilan dastlabki va idoraviy kelishuvlardan o‘tkazilib, ularning takliflari asosida takomillashtirilgan. Qonun loyihasi 2021 yilning 1 noyabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga, 13 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan. Lekin, natija yo‘q! 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 aprelda imzolangan “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida “Davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi 2025 yil may oyida tayyor bo‘lishi aytilgan edi. Ammo, yana natija yo‘q. 


Maqola muallifi

Teglar

korruptsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing