DXX yer sotmoqchi bo‘lganlarni pora bilan qo‘lga oldi. Ular orasida mansabdorlar ham bor (video)
3-sahifa
−
18 aprel 15576 3 daqiqa
Sirdaryo, Toshkent, Xorazm, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida yer maydonlari bilan bog‘liq noqonuniy holatlar aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Xususan, Sirdaryo viloyatining Sardoba tumani hokimligi mas’ul xodimi bog‘dorchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligining 15 gektar yer maydonini 3 yil muddatga ijaraga berish uchun 360 million so‘m talab qilib, shuningdek, o‘z mansab mavqeidan foydalanib, mazkur yer maydonining toifasini kovrak o‘simligini ekishga o‘zgartirish bo‘yicha tuman hokimining qarorini chiqartirib berish evaziga fuqarodan 30 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.
Toshkent shahridagi holatda esa poytaxtda faoliyat yurituvchi banklardan birining Kredit operatsiyalari va axborot almashinuvi bo‘limi boshlig‘i hamda Biznes mijozlarini kreditlash bo‘limi boshlig‘i, shuningdek, 1992 va 1999 yillarda tug‘ilgan 2 fuqaro o‘zaro kelishgan holda, O‘rta Chirchiq tumani hokimligi tomonidan mahalliy MCHJlardan biriga bog‘dorchilik bilan shug‘ullanish maqsadida ajratib berilgan 5,99 gektar yer maydonini xaridorga 455 ming dollariga sotishga kelishadi. Ular avans sifatida 70 ming dollar va mazkur yer maydonining toifasini mansabdor tanishlari orqali issiqxona faoliyatiga o‘zgartirib, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga 15 ming dollar, jami 85 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Shuningdek, Xorazm viloyatining Shovot tumanida yashovchi, 1984 yilda tug‘ilgan fuqaro o‘zining 1989 yilda tug‘ilgan singlisi bilan kelishgan holda, tuman hokimligi zaxirasidagi 2500 kvadrat metr ekin yer maydonini kadastr idoralaridagi mansabdor tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 66 ming dollar talab qilib, oldindan 45 ming dollar va 130 million so‘m olgan vaqtida ushlandi.
Xorazm viloyatining Yangibozor tumani Investitsiyalar, sanoat va savdo bo‘limi mutaxassisi xizmat mavqeidan foydalangan holda, “Ye-auksion” savdolariga qo‘yilgan 1 gektar yer maydonini mahalliy fuqaroga olib berish evaziga 300 million so‘m talab qilib, shundan 243 million so‘m hamda 4300 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Andijondagi keyingi holatda viloyat markazida yashovchi, 1986 yilda tug‘ilgan shaxs Xo‘jaobod tumani hokimligi tomonidan 2023 yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish uchun 30 yil muddatga ijara asosida ajratib berilgan 30 sotix yer maydonini 1987 va 1988 yillarda tug‘ilgan 2 sherigi bilan kelishgan holda, 27 ming dollarga sotishini, shuningdek, mansabdor tanishlari orqali yer maydonining toifasini o‘zgartirib, kelgusida qurilish ishlarini amalga oshirish huquqini beruvchi ruxsatnoma olib berish evaziga 11 ming 600 dollar talab qilib, jami, 38 ming 600 dollar olgan vaqtida ushlandi.
Bundan tashqari, Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida yashovchi, 1959 yilda tug‘ilgan shaxs soxta hujjatlar asosida o‘zlashtirib olgan, tuman hokimligi zaxirasidagi bog‘dorchilikka ixtisoslashgan 26 sotix yer maydonini kadastr idoralaridagi tanishlari orqali turar-joy toifasiga o‘zgartirib, xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 26 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatida jinoyat ishi bo‘yicha shikoyatni qanoatlantirib berish evaziga sudyaga pora taklif qilgan advokat ushlangandi.
Live
Barchasi