Dronlar sabab 6,5 ming odam aeroportda qolib ketdi. Bunga Rossiya aybdormi?

Olam

image

Myunxen aeroporti havo hududi yaqinida bir necha dron ko‘rinishi sababli bugun, 4 oktyabr kuni parvozlar boshlanishi kechiktirildi. Bu haqda aeroport operatori ma’lum qildi.

Kecha, 3 oktyabr kuni kechqurun, 24 soat ichida ikkinchi marta, aeroportning har ikki uchish-qo‘nish yo‘lagi yopilgan – dronlar yana ko‘rilgani sababli o‘nlab reyslar boshqa aeroportlarga yo‘naltirilgan yoki bekor qilingan, oqibatda taxminan 6 500 yo‘lovchi aeroportda qolib ketgan.

Aeroport bugun, 4 oktyabr kuni ertalab soat 05:00 da ochilishi kerak edi, ammo dronlar sababli ochilish kechiktirildi va yo‘lovchilarga o‘z aviakompaniyalari bilan bog‘lanish tavsiya qilindi.

“Germaniya havo harakati nazorati tasdiqlanmagan dronlar ko‘rinishi sababli ehtiyot chorasi sifatida Myunxen aeroportida parvozlarni chekladi va keyingi buyruqqa qadar to‘xtatdi”, deyiladi aeroport saytidagi bayonotda.

Keyinroq berilgan yangilangan ma’lumotga ko‘ra, 23 ta reys boshqa yo‘nalishga o‘zgartirilgan, 12 ta reysning Myunxenga kelishi bekor qilingan, 48 ta parvoz esa kechiktirilgan yoki to‘xtatilgan.

“Avvalgi tundagidek, aeroport va aviakompaniyalar yo‘lovchilarga g‘amxo‘rlik qildi. Krovatlar, yorg‘oqlar, ichimliklar va gazaklar tarqatildi”, deyiladi bayonotda. 

O‘tgan kechasi, Londonga uchishi kerak bo‘lgan samolyot kapitani reys bekor qilingani haqida xabar berib, uchish-qo‘nish yo‘laklari “ular yaqinida dronlar ko‘rilgani” sababli yopilganini va politsiya vertolyotlari havoga ko‘tarilganini aytgan.

Aeroport saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, 3 oktyabr kuni soat 20:35 dan boshlab kelishi kerak bo‘lgan reyslar boshqa yo‘nalishga o‘zgartirilgan.

Myunxen aeroporti 2 oktyabr kuni kechasi ham dronlar ko‘rinishi sababli bir necha soatga yopilgan va o‘nlab reyslar izdan chiqqan edi.

So‘nggi haftalarda Yevropada aviatsiya harakati dronlar ko‘rinishi sababli bir necha marta izdan chiqarilgan, ba’zi mansabdorlar buning uchun Rossiyani ayblagan. Kreml esa har qanday aloqani rad etgan.

Germaniya Ichki ishlar vaziri Aleksandr Dobrindt kecha, 3 oktyabr kuni politsiyaga dronlarni urib tushirish uchun armiyadan yordam so‘rashni osonlashtiradigan qonunchilikni tezroq qabul qilishni va’da qildi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 2 oktyabr kuni “Valday” xalqaro munozara klubi majlisida dronlar haqidagi ayblovlarga hazil bilan javob berdi:

“Biz Fransiyaga ham, Daniyaga ham, Kopengagenga ham endi dron yubormaymiz”, dedi u.

Putinning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada “Lissabongacha uchadigan dronlar” yo‘q va Yevropa shaharlarida ular uchun nishon ham mavjud emas. U G‘arbning ayblovlarini “vaziyatni keskinlashtirish va mudofaa xarajatlarini oshirish usuli” deb atadi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya dron Myunxen

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing