Dunyoda ilk bor Gemini asosida ishlaydigan elektromobil yaratildi

Olam

image

Volvo kompaniyasi EX60 nomli yangi elektromobil modelini taqdim etdi. U Gemini asosidagi sun’iy intellekt (SI) bilan jihozlangan dunyodagi ilk avtomobil sifatida taqdim etilmoqda. Bu haqda “Exler” xabar berdi.

EX60 ikki chipli konfiguratsiyada ishlaydi: NVIDIA DRIVE AGX Orin va Qualcomm Snapdragon 8255 protsessorlari uyg‘unlashgan. Ushbu tizim birgalikda soniyasiga 250 trilliondan ortiq amal bajarish quvvatini ta’minlaydi. Bu esa xavfsizlik, navigatsiya va salon tizimlarida sun’iy intellektni real vaqt rejimida qayta ishlash imkonini beradi.

Google Gemini buyruqlarga asoslangan an’anaviy ovozli yordamchilarni almashtirib, tabiiy muloqotga asoslangan suhbatni taklif etadi. Haydovchilar aniq kalit so‘zlarsiz, murakkab va ko‘p bosqichli so‘rovlarni bemalol bera oladi.

Masalan, elektron pochtadan manzilni topib, uni navigatsiyaga qo‘shish kabi vazifalar oddiy og‘zaki nutq orqali bajariladi.

Gemini Google’ning Gmail va Kalendar kabi servislariga bevosita ulanadi. Bu haydovchilarga haydash interfeysidan chiqmasdan turib, jadvalni boshqarish, xabarlarni qidirish va marshrutlarni rejalashtirish imkonini beradi.

Avtomobil 11,4 dyuymli yuqori aniqlikdagi asboblar paneli displeyi bilan jihozlangan.
Kelajakdagi versiyalarda sun’iy intellekt avtomobilning 360 darajali kameralaridan kelayotgan videoni real vaqt rejimida tahlil qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shundan so‘ng tizim diqqatga sazovor joylar yoki atrof-muhit haqida savollarga darhol javob bera oladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq texnologiya giganti Google avvalgi muvaffaqiyatsiz urinishidan so‘ng sun’iy intellekt yordamida ishlaydigan yangi avlod aqlli ko‘zoynaklarini 2026 yilda bozorga chiqarishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Gmail Gemini EX60

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing