Ebola virusi tarqalishi ortidan JSST favqulodda holat e’lon qildi

Olam

image

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti Kongo Demokratik Respublikasidagi Ebola virusi tarqalishini xalqaro darajada favqulodda holat deb e’lon qildi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Tashkilotning ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatning sharqidagi Ituri provinsiyasida Ebola virusiga oid 246 ga yaqin gumonli holat va 80 ta o‘lim qayd etilgan. Hozircha laboratoriyada sakkiz kishida Ebola virusi tasdiqlangan.

JSST kasallanganlar soni rasmiy ma’lumotlardan ancha ko‘p bo‘lishi mumkinligi va virusning mahalliy hamda mintaqaviy darajada keng tarqalish xavfi yuqori ekanligi haqida ogohlantirdi.

Mutaxassislarning qayd etishicha, hozirgi epidemiya Ebola virusining Bundibugio shtammi bilan bog‘liq. Ushbu turga qarshi hozircha tasdiqlangan vaksina yoki maxsus dori vositasi mavjud emas.

Ma’lumot uchun, Ebola ilk bor 1976 yilda Kongo Demokratik Respublikasida aniqlangan. Olimlar virus odamlarga mevali ko‘rshapalaklar orqali yuqqan bo‘lishi mumkin deb hisoblaydi. Kasallikning dastlabki alomatlari orasida isitma, mushak og‘rig‘i, bosh og‘rig‘i, charchoq va tomoq og‘rishi kuzatiladi. Keyinchalik qusish, diareya, toshma va ayrim hollarda ichki hamda tashqi qon ketishi rivojlanishi mumkin.

Virus qayd etilgan hududlar orasida Ituri provinsiyasi markazi Bunia, shuningdek Mongvalu va Rvampara shaharlari bor. Poytaxt Kinshasada ham bitta holat tasdiqlangan.

JSST Ebola virusi qo‘shni Uganda hududida ham tarqalganini ma’lum qildi. Uganda rasmiylari 59 yoshli erkakda virus aniqlangani va u vafot etganini aytgan. Ma’lum bo‘lishicha, marhum Kongo fuqarosi bo‘lgan va uning jasadi vataniga qaytarilgan.

Kongo Demokratik Respublikasida kamida olti nafar AQSH fuqarosi Ebola gumoni bilan kuzatuvga olingan. Ulardan birida alomatlar kuzatilgan, biroq virus tasdiqlanmagan.

AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi Kongo Demokratik Respublikasi va Ugandaga qo‘shimcha mutaxassislar yuborishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. AQSHning Kongodagi elchixonasi esa, fuqarolarni Ituri provinsiyasiga safar qilmaslikka chaqirdi.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, Ebola kasalligida o‘lim darajasi o‘rtacha 50 foizni tashkil qiladi. So‘nggi 50 yil ichida Afrika mamlakatlarida virus oqibatida 15 mingga yaqin odam vafot etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kongo Demokratik Respublikasining sharqidagi Ituri provinsiyasida Ebola virusi tarqalishi oqibatida 65 kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

JSST favqulodda holat Ebola virusi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing