Endi bitiruvchilar maktabdagi imtihon natijalari bilan oliygohga kira oladi
Jamiyat
−
15 Sentabr 23762 2 daqiqa
O‘zbekistonda bitiruvchilar endi maktabdagi yakuniy imtihon natijalari bilan xohlasa texnikumga, istasa oliygohga kira oladigan bo‘ladi. Bu haqda bugun, 15 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida o‘qituvchi va murabbiylar bilan qilayotgan muloqotida ma’lum qilindi.
“Xalqimizning kelajagi maktabdan boshlanadi. Chunki farzandlarimizga bilim va tarbiya berishning eng uzoq davom etadigan, kerak bo‘lsa, hal qiluvchi bosqichi bu – maktab ta’limidir”, dedi Prezident.
Hozirda maktablarda 6,5 million o‘quvchi ta’lim olyapti. Bu yil maktablarni 400 mingga yaqin o‘quvchi bitirgan bo‘lsa, 1-sinflarga 720 ming bola qabul qilindi. Shu bois, so‘nggi sakkiz yilda 500 ga yaqin yangi maktablar qurilgani, mavjudlarining kengaygani hisobiga 1 million o‘quvchi o‘rni yaratildi.
Xususiy maktablarga katta sharoit yaratilgani natijasida ota-onalar uchun tanlash imkoniyati paydo bo‘ldi. Bugun 200 mingdan ziyod o‘g‘il-qizlar xususiy maktablarda o‘qiyapti.
Maktab ta’limida yana bir qator muhim o‘zgarishlar amalga oshirilishi ta’kidlandi.
Yangi o‘quv yilidan boshlab maktab davrida o‘quvchilarning qobiliyatiga qarab, kasb yoki oliy ta’limga yo‘naltirish uchun 9- va 11-sinf o‘quvchilari uchun yagona davlat imtihonlari joriy qilinadi. Shu orqali, 400 mingga yaqin 9-sinf bitiruvchilari texnikumlarga qamrab olinadi.
O‘qishni maktabda davom ettirib, oliygohga kirish istagida bo‘lgan yoshlarga fanlar tanlov asosida chuqurlashtirib o‘tiladi.