Endi fermerlar dalasiga nima ekishni o‘zi hal qiladi
Jamiyat
−
31 iyul 10223 2 daqiqa
O‘zbekistonda fermerlar endi dalasiga nima ekishni o‘zi hal qiladi. Bu haqda bugun, 31 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tkazgan qishloq xo‘jaligida kosmik ma’lumotlardan foydalanish va raqamlashtirish chora-tadbirlari bo‘yicha yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Bildirildishicha, qishloq va suv xo‘jaligi tizimidagi ilmiy institutlarni jalb qilgan holda sug‘orish me’yori va gidromodul rayonlashtirishni to‘liq yangilash vazifasi qo‘yilgan. Fermerlar sarflayotgan suvning haligacha aniq hisobi yo‘qligi qayd etilib, buning barcha bosqichlarini raqamlashtirish, suvning konturma-kontur hisobini yuritish zarurligi ta’kidlangan.

Ma’lum qilinishicha, suv omborlari sig‘imi ham loyihaviy quvvati bo‘yicha hisoblanib kelinar edi. So‘nggi ikki yilda 60 ta yirik suv ombori ilk bor batimetrik tahlildan o‘tkazilgan. Loyqa cho‘kkani sababli ayrimlarining sig‘imi kamaygani aniqlangan.
Shu bois barcha suv omborlariga “aqlli” hisoblagichlar o‘rnatib, suv miqdorini onlayn kuzatish, ulardagi loyqani kamaytirish vazifalari ko‘rsatib o‘tilgan.
“Yer bilan suv qishloq xo‘jaligimiz taqdirini hal qiluvchi masala”, degan Shavkat Mirziyoyev.
Yig‘ilishda sohani raqamlashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Qayd etilishicha, hozir fermerlar yer, kredit, subsidiya va agroxizmatlar bo‘yicha 30 dan ortiq platformadan foydalanyapti. Buni osonlashtirish uchun ular birlashtirilib, “Raqamli qishloq xo‘jaligi” yagona integratsion platformasi ishga tushiriladi.

“Endi dalasiga nima ekishni fermerning o‘zi hal qiladi. Buni platformaga ham uning o‘zi kiritadi. Natijada asosiy, takroriy va to‘qsonbosti ekinlar miqdori oldindan ko‘rinadi. Bu oziq-ovqat xavfsizligi, narx-navo barqarorligi va dehqonlarning daromadida juda muhim”, deyiladi Prezident matbuot xizmati xabarida.

Shuningdek, Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov boshchiligida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha komissiya tuzilishi belgilandi. Yetishmayotgan mahsulotni ko‘paytirish uchun imtiyozli kredit va subsidiya beriladi.
Live
Barchasi