Endi qaysi dorilar retseptsiz berilishini onlayn bilish mumkin
Jamiyat
−
17 dekabr 2892 1 daqiqa
O‘zbekistonda fuqarolar dorixonaga borishdan avval kerakli dori vositasi retsept bilan yoki retseptsiz sotilishini My.gov.uz portali orqali soniyalar ichida aniqlashlari mumkin. Bu haqda portal ma’muriyati xabar berdi.
Avvalroq, O‘zbekistonda kuchli ta’sir etuvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish maqsadida retsept berish tizimi qat’iylashtirilib, qoidabuzarlikka yo‘l qo‘yilgan taqdirda, dorixonalar litsenziyasidan mahrum etilishi haqida ogohlantirilgan edi.
My.gov.uz aholiga qulaylik yaratish maqsadida, yangi xizmat – “Retsept asosida va retseptsiz beriladigan dori vositalari haqida ma’lumot” bo‘limini ishga tushirdi.
Tizimdan foydalanish tartibi soddalashtirilgan bo‘lib, kerakli dori nomini qidiruvga kiritilgandan so‘ng, uning sotilish tartibi haqida bepul va aniq ma’lumot olish mumkin.
Ma’lumki, hozirda Toshkent shahri va yana 15 ta hududda “Elektron retsept” tizimi bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi tasdiqlagan ro‘yxat asosida ayrim vositalarning sotilishi nazoratga olingan. Yangi servis esa iste’molchi va farmatsevt o‘rtasidagi har qanday tushunmovchiliklarga chek qo‘yishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov dori vositalarini retseptsiz sotganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha taklif tayyorlanayotganini ma’lum qilgandi.
Nigora Muhammadiyeva
Live
Barchasi