Endi xorijdan deportatsiya qilingan shaxslarga “zagran” pasport berilmaydi
Jamiyat
−
13 may 15001 2 daqiqa
Endilikda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq readmissiya (o‘z ixtiyori bilan yoki majburiy ravishda O‘zbekistonga qaytarilgan fuqarolar) qilingan fuqarolarga 2 yil davomida xorijga chiqish biometrik pasportini berish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatilmaydi. Bu haqda bugun, 13 may kuni qabul qilingan “Mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hukumat qarorida so‘z boradi.
Qarorga muvofiq, joriy yil 1 sentyabrdan boshlab Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi tomonidan xorijiy davlatning qonunchilik hujjatlarini buzishi oqibatida deportatsiya qilingan, shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro nufuziga va obro‘-e’tiboriga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi xatti-harakatlarni sodir etgan fuqarolarga doir ma’lumotlar Migratsiya jarayonlariga doir ma’lumotlarning yagona elektron bazasi orqali yuritiladi.
Yagona ma’lumotlar bazasiga elektron reyestr sifatida quyidagilar kiritiladi:
- O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xorijdagi diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalaridan olingan ma’lumotlar;
- O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi tomonidan xalqaro shartnomalarga muvofiq readmissiya qilingan shaxslar haqidagi ma’lumotlar;
- Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi va uning xorijdagi vakolatxonalaridan (vakillaridan) olingan ma’lumotlar.
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq readmissiya qilingan fuqarolarga O‘zbekiston Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish tizimini yaratish hamda O‘zbekiston Respublikasi biometrik pasport tizimini modernizatsiya qilishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish tartibi to‘g‘risidagi nizom”ga muvofiq ikki yil davomida xorijga chiqish biometrik pasportini berish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatilmaydi.
Bunda readmissiya qilingan fuqarolarga chet elga chiqishi uchun biometrik pasporti rasmiylashtirib beriladigan istisno holatlar O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilanadi.
Ma’lumot uchun, readmissiya qilingan shaxslar – O‘zbekiston va boshqa davlatlar o‘rtasidagi xalqaro kelishuvlar asosida, o‘z ixtiyori bilan yoki majburiy ravishda O‘zbekistonga qaytarilgan fuqarolar. Ya’ni, agar biror o‘zbekistonlik fuqaro chet elda noqonuniy qolgan, vizasi tugagan, deportatsiya qilingan shaxs O‘zbekiston tomonidan qabul qilinadi – bu jarayon readmissiya deb ataladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq endilikda xorijga chiqish biometrik pasportini pochta xizmati orqali yetkazib berish xizmati yo‘lga qo‘yilishi xabar qilingan edi.
Live
Barchasi