Endi mas’uliyatsiz rahbarlar haqida Prezidentga axborot beriladi
Jamiyat
−
16:36 2861 2 daqiqa
Endi O‘zbekistonda berilgan har bir topshiriqning real ijro holati bo‘yicha kundalik nazorat o‘rnatiladi, mas’uliyatni his qilmagan, sustkashlikka yo‘l qo‘ygan rahbarlar bo‘yicha tanqidiy, ochiq va xolis axborot yig‘iladi hamda Prezidentga kiritiladi. Bu haqda bugun, 13 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, Prezident bugun ijtimoiy-sotsiologik tadqiqot natijalari davlat siyosati va islohotlarining asosiy yo‘nalishlarini belgilab berishi kerakligini ta’kidlagan. Shu bois, sotsiologiya fan sifatida qayta tiklandi, oliygohlarda sotsiologlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan.
Mazkur ishlarning mantiqiy davomi sifatida ijtimoiy-sotsiologik tadqiqotlar ko‘lami va sifati oshiriladi.
Endilikda bir martalik so‘rovlar emas, balki qayerda ishonch ortayotgani, qayerda zaiflashgani, qaysi qarorlar adolatli, qaysilari odamlarga manfaat keltirmayotgani bo‘yicha doimiy ravishda monitoring va tahlillar o‘tkaziladi.
Prezident Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti hamda Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutiga hudud va tarmoqlar rahbarlari reytingi metodologiyasini ishlab chiqib, tahlillar asosida reytingni shakllantirish va muntazam ravishda Prezidentga kiritib borish topshirildi.
Ijro intizomi masalalari ham ko‘rib chiqildi. Berilgan har bir topshiriqning real ijro holati bo‘yicha kundalik nazorat o‘rnatish, mas’uliyatni his qilmagan, sustkashlikka yo‘l qo‘ygan rahbarlar bo‘yicha tanqidiy, ochiq va xolis axborot kiritib borish vazifasi qo‘yildi.
Live
Barchasi