Endi “Open budget” loyihalarini deputatlar g‘olib deb topishi mumkin
Jamiyat
−
30 avgust 6221 2 daqiqa
Endilikda “Tashabbusli byudjet” doirasida “Deputatlar tashabbusi” amaliyoti joriy etilib, dastur doirasida g‘olib bo‘lmagan loyihalar deputatlar tomonidan g‘olib deb topilishi mumkin. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 29 avgustda qabul qilingan “Tashabbusli byudjet jarayonlarini takomillashtirish doirasida xalq vakillari va saylovchilar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida so‘z boradi.
Qarorga ko‘ra, xalq vakillari va saylovchilar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish maqsadida 2026 yildan boshlab “Tashabbusli byudjet” jarayonlari doirasida g‘olib bo‘lmagan loyihalarni deputatlar tashabbusiga ko‘ra g‘olib deb e’lon qilish amaliyoti joriy etiladi.
Bunda:
- Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari har yili “Tashabbusli byudjet” jarayonlari doirasida tegishli saylov okruglarida g‘olib bo‘lmagan loyihalar orasidan ikkita loyihani (har mavsumda bittadan) saylovchilarning manfaatlarini inobatga olgan holda “Ochiq byudjet” axborot portalida tanlaydi;
- Deputatlar tomonidan tanlangan loyihalar “Ochiq byudjet” axborot portalida avtomatik ravishda g‘olib deb topiladi va ushbu loyihalar respublika byudjetidan moliyalashtiriladi.
Portalda deputat tashabbusi asosida moliyalashtiriladigan loyihalar uchun alohida sahifa tashkil etilib, shu turdagi barcha loyihalarning jamoatchilik uchun ochiq ro‘yxati yuritiladi.
Ushbu xarajatlarni moliyalashtirish uchun har bir deputatga bir yilda ikki mavsum uchun bazaviy hisoblash miqdorining sakkiz ming baravari miqdorida (amalda 3,3 mlrd so‘m) mablag‘ har yilgi O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetida nazarda tutiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Tashabbusli byudjet”ning joriy yilgi 2-mavsumi doirasida ovoz berish bosqichi boshlangani xabar qilingan edi. Ovoz berish jarayonlari ertaga, 31 avgust soat 23:59 ga qadar davom etadi. “Tashabbusli byudjet” jarayonining 2025 yil 2-mavsumi doirasida fuqarolar tomonidan jami 22 ming 263 ta loyiha kelib tushgan bo‘lib, shulardan 18 ming 656 tasi ovoz berish bosqichiga o‘tkazilgan.
Live
Barchasi