Endi sudga bormagan mansabdor shaxslar jazolanishi mumkin
Jamiyat
−
20 yanvar 2241 2 daqiqa
O‘zbekistonda asossiz sabablar bilan sudga bormagan mansabdor shaxslarga nisbatan sud jarimalari qo‘llanilishi mumkin. Bu haqda bugun, 20 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida ma’lum qilingan fuqarolar va tadbirkorlar uchun iqtisodiy hamda ma’muriy sudlarga murojaat qilishda qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan qonun loyihasida so‘z boradi.
Loyiha ma’muriy sud ishlarini yuritish tizimini tubdan isloh qilish, uni zamonaviy va xalqaro standartlarga mos mexanizmlar bilan boyitishni nazarda tutadi. Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeks hamda “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi rejalashtirilmoqda.
Loyihaga muvofiq, davlat organining qarori yoki hujjatiga ishonib, vijdonan harakat qilgan fuqaro yoki tadbirkorning huquqlari qat’iy himoya qilinadi. Davlat organi xatosi uchun halol faoliyat yuritgan shaxs javobgarlikka tortilmasligi qonun darajasida mustahkamlanmoqda.
Qonun loyihasidagi eng muhim yangiliklardan biri – davlat organlari mansabdor shaxslarining sud majlislarida ishtirok etishi majburiy etib belgilanmoqda. Endilikda asossiz sabablarga ko‘ra sud majlislariga bormagan mansabdor shaxslarga nisbatan sud jarimalari qo‘llanilishi nazarda tutilmoqda. Bu chora davlat organlari mas’uliyatini oshirish, sud jarayonlarida haqiqiy tortishuv va ochiqlikni ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlangan.
Shuningdek, ma’muriy sud ishlarini yuritishda dastlabki eshituv instituti joriy etilmoqda. Ushbu bosqich sud muhokamasigacha dalillarni to‘plash, da’vo talablarini aniqlashtirish va taraflarni kelishtirish imkonini beradi. Natijada ishlarni ko‘rib chiqish muddati qisqarib, sud xarajatlari kamayishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, sudga hurmatsizlik qilganlik yoki sudning xususiy ajrimlarini bajarmaganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortish vakolatini bevosita ma’muriy sudlarning o‘ziga berish taklif etilmoqda. Bu sud hokimiyatining nufuzi va ta’sirchanligini yanada kuchaytirishi kutilmoqda.
Yig‘ilishda yana bir muhim masala — qarzdorlar uchun sud xarajatlarini yengillashtirishga qaratilgan norma muhokama qilingan. Qonun loyihasiga ko‘ra, agar kreditor, davlat soliq xizmati organi yoki boshqa vakolatli idora tomonidan qarzdorga nisbatan to‘lovga qobiliyatsizlik bo‘yicha ish qo‘zg‘atilsa va ushbu ish alohida tartibda ko‘rilmasdan qoldirilsa, qarzdor tomonidan to‘langan davlat boji qaytariladi. Bu takroriy arizalar bilan bog‘liq ortiqcha moliyaviy xarajatlarning oldini olishga qaratilgan.
Muhokama yakunida qonun loyihasi deputatlar tomonidan konseptual jihatdan ma’qullanib, birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ota ismidan ham familiya sifatida foydalanishga ruxsat berilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi