Endi O‘zbekistonda biznesni 15 daqiqada boshlash mumkin bo‘ladi
Jamiyat
−
17 noyabr 3847 2 daqiqa
O‘zbekistonda “Biznesni 15 daqiqada boshlash” tizimi joriy etiladi. Bu haqda 14 noyabr kuni qabul qilingan “Biznes yuritishni hamda litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirishga doir navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmonida so‘z boradi.
Qayd etilishicha, hujjatni qabul qilishdan asosiy maqsad sifatida tadbirkorlik sub’ektlarining ma’muriy xarajatlarini 90 milliard so‘mgacha qisqartirish, shuningdek, davlat organlari bilan o‘zaro hamkorlik jarayonlarida 15 kungacha vaqtni tejash belgilangan. Farmonga muvofiq, 2026 yil 1 yanvardan “Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyili asosida tadbirkorlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayoni tubdan soddalashtiriladi. Ya’ni, ro‘yxatdan o‘tkazish paytining o‘zida tadbirkorga bir vaqtning o‘zida quyidagi xizmatlar ko‘rsatiladi:
- Elektron raqamli imzo kalitini berish;
- bank hisobvaraqlarini ochishga ariza topshirish va ularni faollashtirish;
- ayrim faoliyat turlari bo‘yicha litsenziya va ruxsatnoma olish uchun ariza yoki xabarnoma yuborish;
- ko‘chmas mulk ijara shartnomasini rasmiylashtirish;
- qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) to‘lovchisi guvohnomasini olish;
- onlayn nazorat-kassa mashinalarini masofadan turib sotib olish va ularni soliq organlarida onlayn tarzda ro‘yxatdan o‘tkazish;
- yuridik shaxs rahbarini tayinlash va uni “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida hisobga qo‘yish.
Mazkur farmon tadbirkorlik sub’ektlari uchun “bir darcha” tamoyilini yanada chuqurlashtirish, ortiqcha byurokratik tartib-taomillarni qisqartirish va biznesni boshlash jarayonini tez, qulay va shaffof qilishga qaratilgan.
Live
Barchasi