Endi O‘zbekistonda soliqlarni kechiktirib yoki bo‘lib to‘lash mumkin
Jamiyat
−
15 may 6477 2 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “To‘lovga qobiliyatsizlik institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2026 yil 6 maydagi 78-son Farmoni bilan Adliya vazirligi huzurida To‘lovga qobiliyatsizlik ishlari agentligi hamda uning hududiy bo‘linmalari tashkil etilib, uning asosiy vazifalari va maqsadlari belgilab berildi.
Ushbu yangi tashkilot inqiroz yoqasidagi korxonalarga sudgacha bo‘lgan bosqichda yordam beradi va ularni sog‘lomlashtirish bilan shug‘ullanadi. Farmonga muvofiq, sudgacha sanatsiya tizimini takomillashtirish hamda moliyaviy qo‘llab-quvvatlash vositalari kengaytirilmoqda.
Jumladan, 2026 yil 1 sentabrdan boshlab:
- xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlari tomonidan suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, mol-mulk solig‘i, yer solig‘i hamda aylanmadan olinadigan soliqlarni, shu jumladan, ushbu soliqlar bo‘yicha soliq tekshiruvlari asosida qo‘shimcha hisoblangan soliq va moliyaviy sanksiyalarni to‘lashni belgilangan tartibda kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi (bundan qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan holatlar mustasno);
- soliqlarni to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lashda garov mulki, bank kafolati yoxud sug‘urta polisi taqdim etilganda, moliyaviy holati va istisno etuvchi holatlar mavjudligidan qat’iy nazar, soliq organlari tomonidan soliqlarni to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi;
- soliq organlariga soliqni to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash to‘g‘risidagi arizalar soliq organlarining elektron davlat xizmatlari portali orqali taqdim etiladi hamda ko‘rib chiqish muddati 30 kundan 20 kunga qisqartiriladi.
Shuningdek, Farmon dasturi bilan soliq to‘lash muddatlarini o‘zgartirish tartibini takomillashtirish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini kiritish va unda qayd etilganlar bilan bir qatorda:
- yangi tartib bo‘yicha qaror qabul qilish vakolatini hududiy soliq organlariga berish;
- ayrim hollarda soliq organi o‘rtasida onlayn kelishuv tuzish mexanizmini joriy etish;
- shartlarni tubdan yengillashtirish nazarda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Soliq qo‘mitasining kartadan-kartaga o‘tkazmalarni tekshirishni boshlagani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi