Epshteyn qurbonlarini Londondagi kvartiralarda yashirgan – OAV

Olam

image

AQSHda jinsiy jinoyatlarda ayblangan Jeffri Epshteyn Britaniya politsiyasi uning faoliyatini tekshirishdan bosh tortganidan keyin bir necha yil davomida London markazida bir nechta kvartiralarni ijaraga olgan va u yerda jinsiy zo‘ravonlikka uchragan ayollarni joylashtirgan. Bu haqda BBC surishtiruvida so‘z boradi.

Jurnalistlar Kensington va Chelsi kabi nufuzli tumanlarda ijaraga olingan to‘rtta kvartiraga oid dalillarni aniqlagan. U yerda yashagan ayollarning aksariyati Rossiya va Sharqiy Yevropadan bo‘lib, ularning olti nafari keyinchalik Epshteynning qurboni bo‘lganini ma’lum qilgan. Ba’zi ayollar moliyachi bilan hamkorlik qilishga majburlangan – ular jinsiy ekspluatatsiya tarmog‘i uchun yangi qurbonlarni yollash bilan shug‘ullangan.

Kvartiralar ijarasi, shuningdek, ayollarning “Eurostar” poyezdlarida Parijga muntazam safarlari Epshteyn 2019 yil iyul oyida AQSHda hibsga olinguniga qadar davom etgan. Tahririyat ixtiyoriga kelib tushgan hujjatlarga ko‘ra, 2011 yildan 2019 yilgacha Epshteyn kamida 53 ta “Eurostar” chiptasini sotib olgan. Ularning 33 tasi 2015 yilda qurbonlardan biri Virjiniya Juffre politsiyaga jinsiy ekspluatatsiya maqsadida odam savdosi qurboni bo‘lgani haqida ariza berganidan keyin sotib olingan.

Nashrning yozishicha, Skotlend-Yardda Epshteynga nisbatan tergovni 2015 yildayoq boshlash imkoniyati bo‘lgan, biroq Juffre so‘roq qilinganidan so‘ng, “boshqa xalqaro idoralar” bu ish bilan yaxshiroq shug‘ullanadi degan vaj bilan rad etilgan. 2020 yilda ikkinchi ayol politsiyaga murojaat qilgan, ammo uning arizasi ham e’tiborsiz qoldirilgan. Britaniya rasmiylari Epshteynning Londondagi kvartiralaridan kamida bittasi haqida bilgan.

Huquq himoyachilari va sobiq politsiya xodimlari hukumatning harakatsizligini tanqid qilgan. Quldorlikka qarshi kurash bo‘yicha sobiq komissar Kevin Xaylend politsiya tergov uchun imkoniyatlarni boy berganini aytgan. Inson huquqlari bo‘yicha advokat Tessa Gregori tergov o‘tkazilmaganini “hayratlanarli” deb atab, davlat odam savdosi faktlari bo‘yicha surishtiruv olib borishga majbur ekanini ta’kidlagan. Skotlend-Yard esa qonun doirasida ish tutilganini ma’lum qilgan.

“The Telegraph” gazetasining xabar berishicha, AQSH Adliya vazirligi Britaniya politsiyasi tomonidan Buyuk Britaniyaning AQSHdagi sobiq elchisi lord Piter Mandelson va uning Epshteyn bilan aloqalari bo‘yicha olib borilayotgan tergovga to‘sqinlik qilmoqda.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Amerika rasmiylari Epshteyn ishi materiallaridagi muhim dalillarni Britaniya tomoniga ixtiyoriy ravishda berishdan bosh tortmoqda. AQSH Adliya vazirligi Skotlend-Yarddan o‘zaro huquqiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risida rasmiy so‘rov yuborishni talab qilmoqda. Bunday protsedura kamida bir yarim yil vaqt olishi mumkin, bu esa Mandelsonga nisbatan tergovni sezilarli darajada sekinlashtiradi.

2026 yil fevral oyida Parij prokuraturasi Epshteynning Fransiyadagi faoliyati bo‘yicha odam savdosi va pul yuvish gumonlari bilan ikkita tergov boshlagan. Qurbonlarning advokatlari Buyuk Britaniyada ham ommaviy tergov o‘tkazishga chaqirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq BMTning mustaqil ekspertlari Epshteyn fayllarida odam savdosida ayblanayotgan shaxslarni javobgarlikka tortishga chaqirgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

London Britaniya Jeffri Epshteyn

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing